17:46 / 25.04.2017
6091

Video: Google hammuassisi o‘zining ilk multikopterini namoyish etdi

Google hammuassisi Larri Peyj homiylik qiluvchi Kitty Hawk kompaniyasi «Flayer» nomini olgan qurilmasining parvozi aks etgan ilk videosini namoyish etdi. Kompaniya hozircha suv uzra parvozlarga mo‘ljallangan hamda uchuvchi litsenziyasini talab qilmaydigan Flayerni "to‘liq elektrik samolyot" sifatida ta'riflamoqda. Kitty Hawk Flayerda uchishni o‘rganish hech kimga qiyinchilik tug‘dirmasligini ta'kidlamoqda. Qurilmaning chakana versiyasi joriy yilning oxiriga borib tayyor bo‘ladi, deyiladi kompaniya xabarida.

Larri Peyj «Nyu-York Tayms»da shunday yozadi:

"Hammamiz uchishni o‘rganishni orzu qilganmiz. Men ajoyib kunlarning birida o‘z Flayerimga o‘tirib, tezkor va yengil, erkin parvozdan zavq olish imkoni paydo bo‘lganidan juda xursandman".

«Uchar avtomobil» anonsidan bir yil o‘tib, uning avtomobil emas, xoverbaykligi aytildi, ya'ni u bir kishiga mo‘ljallangan va kabinaga ega emas. Boshqaruv elementlari rulga o‘rnatilgan va joystik tugmasidek ishlaydi. Flayer vertolyot kabi vertikal parvoz qiladi va qo‘nadi, lekin, vertolyotdan farqli o‘laroq, to‘liq elektr qurilma hisoblanadi. Uning birinchi versiyasi suv uzra harakatlanishga mo‘ljallangan. 

Bu apparatdan ehtiyojlardan ko‘ra xobbi sifatida foydalanish mumkin. Hozircha Flayerning qanday ekspluatatsiya qilinishi bilan bir qatorda uning chakana versiyasi bahosi ham noma'lum. Biroq Flayerning so‘nggi versiyasini qo‘lga kiritishda 2000 dollarlik chegirmaga ega bo‘lish uchun hozirdan loyihaga 100 dollar sarmoya kiritish mumkin va qurilmaning sinov bosqichida undan eksklyuziv foydalanish imkoniga ega bo‘linadi, deb yozadi The Verge.

Uchuvchi Kimeron Morrisi Flayerning so‘nggi versiyasi boshqacha bo‘lishini aytdi:

"Uning dizayni ishchi prototipidan mutlaqo farq qiladi, lekin undan zavqlanish hissi hech ham kam bo‘lmaydi".

Flayerdagi ilk parvozning rasmiy videosini tomosha qiling:


Top