14:17 / 26.04.2017
3707

DM: Twitter Britaniya maxsus kuchlariga xabarlarni tahlil qilish xizmatini yopdi

Amerikaning Twitter korporatsiyasi Buyuk Britaniya politsiyasi va razvedkasiga ushbu ijtimoiy tarmoq xabarlarini tahlil qiluvchi xizmatdan foydalanish imkonini bermaslikka qaror qildi. Bu haqda Daily Mail gazetasi yozmoqda.

Mazkur xizmat terrorchilar e'lon qilishi mumkin bo‘lgan xabarlarni kuzatish imkonini berar edi. Nashrning qayd etishicha, bu xizmat turi kelishuvga muvofiq uchinchi kompaniya tomonidan taqdim etilgan. 

Ushbu qaror Britaniya hukumati va maxsus xizmatlar vakillari tomonidan keskin tanqid bilan qarshi olindi. Chunki, bu mamlakatdagi xavfsizlik darajasini pasaytirib yuborishi mumkin, deb yozadi gazeta. 

O‘tgan yil may oyida shunday taqiq Amerika maxsus xizmatlariga nisbatan ham joriy qilingan edi. Twitter o‘z qarorini kompaniyaning ichki siyosati bilan izohlagandi. Unga ko‘ra, kompaniya ma'lumotlaridan razvedka maqsadlarida foydalanish taqiqlanadi.

"Biz o‘rnatilgan dasturlash mahsulotlaridan foydalanuvchi ishlab chiqaruvchilar va Gnip (ijtimoiy tarmoqlarni tahlil qilish xizmati)ga maxsus xizmatlar va boshqa tashkilotlarga Twitter ma'lumotlaridan ta'qib qilish maqsadida foydalanishlari uchun ma'lumotlarni taqdim etishni taqiqlaymiz", - deya e'lon qilgan edi kompaniya o‘z blogida. 

Mavzuga oid
Top