16:35 / 26.04.2017
6674

KQTT: Jahondagi kimyoviy qurol zaxirasining 95 foizi yo‘q qilingan

Illyustrativ foto

Dunyodagi mavjud kimyoviy qurollarning 95 foizi ayni vaqtga kelib yo‘q qilingan. Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti (KQTT) bosh direktori Ahmat Uzumji tashkilotning 20 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda shunday bayonot berdi. 

"Bizning kimyoviy qurolni batamom yo‘q qilish va doimiy taqiqlash borasida amalga oshirayotgan birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz muhim bosqichga kirdi, - deya qayd etgan Uzumji. – Kimyoviy qurolni taqiqlash bo‘yicha konvensiyani bajarish 1997 yilda boshlandi va butun bir ommaviy qirg‘in qurolini yo‘q qilishga qaratildi. 20 yil mobaynida Konventsiyaga a'zo davlatlar hujjatda qayd etilgan talablarni hayotga tatbiq etishdi. Shu sababli, ayni vaqtda, dunyodagi kimyoviy qurollarning 95 foizi yo‘q qilindi".

Bosh direktorning aytishicha, KQTT 20 yil davomida dunyodagi barcha kimyo sanoatiga daxldor tashkilotlar va kompaniyalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi. "Shu bilan birga, bizning o‘zaro hamkorlik tarmog‘imiz o‘sishda davom etmoqda va xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyatlarini qamrab olmoqda, - deb qo‘shimcha qilgan Uzumji. – KQTTning asosiy vazifalaridan biri kimyoviy qurolni kelgusida paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik ekani e'tiborga olinsa, bu juda muhimdir". 

U, shuningdek, Misr, Isroil, KXDR va Janubiy Sudanni Kimyoviy qurolni taqiqlash konvensiyasiga tezroq qo‘shilishga chaqirdi. Hozirda, BMTga a'zo 192 davlat ushbu harakatga qo‘shilgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriyadagi vaziya " KQTT uchun haqiqiy sinov bo‘lgan", biroq tashkilot "o‘zining yangi va kutilmagan qiyinchiliklarga moslashuvchanligini namoyish eta olgan". "Davom etayotgan fuqarolik urushiga qaramay, Suriyada kimyoviy qurolni yo‘q qilish bo‘yicha dastur amalga oshirildi, - degan KQTT bosh direktori. – BMT bilan hamkorlik va 30 dan ortiq davlat hamda YeIning qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutdi".

"Ammo, bizning Suriyadagi faoliyatimiz poyoniga yetgani yo‘q, - deya davom etgan Uzumji. – Biz mamlakatda kimyoviy qurol qo‘llanilayotgani to‘g‘risidagi xabarlardan jiddiy tashvishdamiz".  

Top