15:27 / 26.04.2017
12779

Suriya shimolida turklar va kurdlar o‘rtasida jang ketmoqda

Suriya shimolidagi Afrin kantoni hududida Turkiya armiyasi hamda kurd harbiy bo‘linmalari o‘rtasida janglar boshlandi. Bu haqda kurdlarning Firat axborot agentligi xabar tarqatdi.

Turkiya armiyasi seshanba kuni kurdlarning artilleriyasi tomonidan o‘qqa tutilgan. Shundan so‘ng, turklar Rako hududidagi Firfirke qishlog‘idagi kurdlarning pozitsiyalariga hujumga o‘tgan. To‘qnashuvlar ayni vaqtda davom etmoqda.

25 aprel kuni Turkiya aviatsiyasi Suriyaning Xaseke viloyatida kurdlarning pozitsiyalariga zarba bergan, natijada Suriya kurdlari o‘zini mudofaa qilish kuchlari (YPG) tashkilotining (Anqara bu tashkilotni Kurdiston ishchilar partiyasining Suriyadagi bo‘limi sifatida hisoblaydi) 20 nafar jangchisi halok bo‘lgan hamda 18 nafari jarohatlangandi.

Ayni vaqtda YPG jangchilari amerikaliklar bilan hamkorlikda IShID nazoratidagi Raqqa va Tabka shaharlarini qamal qilib turibdi.

Shuningdek, Iroqning Sinjar tumani hududida Turkiya aviatsiyasi hujumi oqibatida 5 nafar kurd halok bo‘lgan. Keyinroq aniqlanishicha, zarba Kurdiston ishchilar partiyasining pozitsiyasiga emas, turklar bilan ittifoq bo‘lgan Kurdiston demokratik partiyasi (peshmerglar) pozitsiyasiga berilgandi.

Top