10:22 / 26.04.2017
16825

Yaponiya vaziri o‘ylamay gapirgani sabab ishdan ketdi

Yaponiyaning tabiiy ofatlardan so‘ng tiklash ishlari vaziri Masaxiro Imamura bosh vazir Sinzo Abega iste'foga chiqish arizasini topshirdi. Bosh vazir uning so‘rovini qanoatlantirgan. 

Bu haqda vazirning o‘zi bosh vazir qarorgohiga tashrifidan so‘ng jurnalistlarga ma'lum qildi. 

Imamura 25 aprel kuni tantanali kechada chiqish qilar ekan, 2011 yilgi sunamida jabrlanganlarga nisbatan nojo‘ya so‘zlarni aytgan. U 2011 yildagi tabiiy ofatdan ko‘rilgan iqtisodiy talofat 25 trillion iyen (227 milliard dollar) atrofida baholanayotganini aytib, "yaxshiyamki, ofat Toxokuda sodir bo‘lgani (Xonsyu oroli shimolida), aks holda, ya'ni poytaxtga yaqinroq hududlarda yuz berganida talofat miqdori juda ulkan bo‘lardi", degan fikrni bildirgan. Bu esa jamoatchilikda noroziliklarni keltirib chiqardi va muxolifat ushbu so‘zlarni tabiiy ofatdan jabrlanganlarga nisbatan hurmatsizlik deb baholadi. O‘shanda, 20 mingga yaqin kishi tabiiy ofat qurboni bo‘lgan edi. 

Uning ortidan so‘zga chiqqan Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe "Toxoku aholisini xafa qilishi mumkin bo‘lgan" Imamura so‘zi uchun kechirim so‘radi.

Ta'kidlanishicha, 3 hafta muqaddam Imamura Fukusima prefekturasidan ko‘chirilgan aholining o‘z joylariga qaytish muammosi ularning "shaxsiy ishi" ekanini aytgan, keyinroq, matbuot anjumanida shu savolni bergan jurnalistga "o‘zini tiyib o‘tirish" va "boshqa bu yerga kelmaslik"ni buyurgan edi. O‘shanda, Abe vazirni himoya qila olgandi. 

Top