09:16 / 27.04.2017
10071

69 yil birga yashagan er-xotin 40 daqiqalik farq bilan hayotdan ko‘z yumishdi

Amerikaning Chikago shahri yaqinida yashovchi er-xotin Vatkinlar 40 daqiqalik farq bilan hayotdan ko‘z yumishdi. Ular birgalikda 69 yil umr kechirishgandi, deb xabar bermoqda Assoshieyted Press agentligi.

Tereza Vatkin shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 00.10da vafot etgan bo‘lsa, uning eri Isaak Vatkin 40 daqiqadan so‘ng olamdan ko‘z yumdi. Ularning qizi Klera Gesklinning aytishicha, otasi qarindoshlari u va rafiqasining qo‘llarini bir-biridan uzishgach, nafas olishdan to‘xtagan. Oilaning o‘g‘il farzandi Leo esa otasi rafiqasidan “hech qachon hech nimani alohida qilishni istamaganini” aytib o‘tdi.

Tereza va Isaak Vatkinlarning dafn marosimi dushanba kuni bo‘lib o‘tdi. Marosimda gapirgan Klera, “ularning muhabbati shu darajada kuchli bo‘lganki, hattoki bir-birlarisiz hayot kechira olishmaganini” ta'kidlab o‘tdi.

Top