10:19 / 27.04.2017
9744

Andijon mashinasozlik institutida ilmiy-texnikaviy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Andijon mashinasozlik instituti yurtimizdagi eng yosh oliy ta'lim dargohlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda bu muassasada 300dan ortiq ilmiy unvon hamda ishlab chiqarish tajribasiga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda.

Hozirda institutda 3ta fakultet mavjud bo‘lib, 11ta bakalavr yo‘nalishlari va 6ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha 4000dan ziyod talabalar tahsil olmoqda. Professor-o‘qituvchilar tomonidan olib borilayotgan ilmiy izlanishlar, asosan, mashinasozlik va avtomobilsozlik sohalariga yo‘naltirilganligi bilan muxim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda faol ishtirok etish, yurtimiz olimlari tomonidan yaratilayotgan innovatsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Toshkentdagi Turin politexnika universiteti va “GM-Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda Andijon mashinasozlik institutida “Innovatsion rivojlanish muammolari: ishlab chiqarish, ta'lim va ilm-fan” mavzusida respublika ilmiy-texnikaviy konferensiyani tashkil etdi.

Konferentsiyada respublikamizdagi nufuzli oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar, magistrantlar va talabalar ishtirok etishdi.
Konferentsiyada ta'kidlanishicha texnika, aniq va tabiiy fanlar, iqtisodiy va gumanitar yo‘nalishlar bo‘yicha 400ga yaqin ilmiy maqolalar kelib tushgan.

Konferentsiyani Andijon mashinasozlik instituti rektori O‘ktam Salomov ochib berar ekan, yurtimizda ta'lim sohasida erishilayotgan ulkan yutuqlar, muhim vazifalar, mashinasozlik sohasidagi innovatsion muammolar, yurtimiz taraqqiyotiga zamin bo‘luvchi ixtiro va yangiliklarni kashf etishda bu kabi konferensiyalarni o‘rni va ahamiyati katta ekanligini bildirib o‘tdi.

Konferentsiya 4ta sho‘'baga bo‘lingan holda o‘tib, unda mashinasozlik, ishlab chiqarishga energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish, sanoatni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni chuqurlashtirish, xomashyoni qayta ishlash, fundamental fanlarning amaliyotdagi beqiyos o‘rni kabi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy maqolalar tinglandi.

Konferentsiya davomida mashinasozlik sanoatini rivojlantirish, ilg‘or zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga jalb etish, innovatsion g‘oyalar va ixtirolarni yanada ko‘paytirish va bu boradagi muhim vazifalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirib o‘tildi.

Xayrullo Vasiyev

Andijon mashinasozlik instituti 
matbuot va axborot xizmati xodimi

Top