18:20 / 27.04.2017
12168

Derby Day. Gvardiola-Mourino qarama-qarshiligi. Mavsumning eng muhim uchrashuvlaridan biri haqida

Angliya premer-ligasi uchun noodatiy, «Yunayted» uchun so‘nggi vaqtlarda odatiy bo‘lib qolgan payshanba kunida 26-turning qoldirilgan uchrashuvi Manchester derbisi bo‘lib o‘tadi. Bu safargi derbi har qachongisidan ko‘ra, qiziqarliroq o‘tishi kutilmoqda. Sababi aynan shu o‘yin APLda keskin kurash ketayotgan YeChL yo‘llanmasi taqdirini hal qilishi kutilmoqda. Tribuna.Uz Angliyada mavsumning eng muhim uchrashuvlaridan biri haqida batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Angliya premer-ligasi
26-turning qoldirilgan uchrashuvi

«Manchester Siti» - «Manchester Yunayted» (27 aprel, 23:59, UzReport, Match TV, Match! Futbol 1).

O‘yindan oldin

«Manchester Siti»

«Shaharliklar» so‘nggi vaqtlarda yaxshi sport formasida emas. Jamoa o‘tgan haftada Angliya kubogi yarim finalida «Arsenal»ga  imkoniyatni boy berib qo‘yib, final yo‘llanmasidan quruq qoldi. Jamoa so‘nggi o‘nta uchrashuvning faqat 4tasida g‘alaba qozona olgan, xolos. Nisbatan teng kuchli raqiblarga qarshi o‘tkazgan beshta uchrashuvning uchtasida durang, ikkitasida mag‘lubiyatga uchragan.

«Manchester Yunayted»

Joze Mourino jamoasi esa so‘nggi o‘yinlardagi muvaffaqiyatlar evaziga yaxshi sport formasiga kirib oldi. Jamoa 23 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Jamoa so‘nggi marta 2016 yilning oktabrida mag‘lubiyatga uchragandi. Derbidan oldin Mourino shogirdlari ketma-ket uch uchrashuvda, «Sanderlend» (3:0), «Chelsi» (2:0), «Byornli» (2:0) jamoalarini mag‘lubiyatga uchratib, «Siti» bilan oradagi farqni bir ochkogacha qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi.

«Manchester Siti» yaxshi formada bo‘lmasa, «Manchester Yunayted»i tarkibdagi muammolar o‘ylantirmoqda. Biroq so‘nggi o‘yinlar ko‘rsatmoqdaki, aynan jamoaning so‘nggi uchrashuvlari ko‘rinish berayotgan futbolchilarning foydasi ko‘proq tegmoqda.

O‘zaro o‘yinlar

Bo‘lajak uchrashuv 174-Manchester derbisi (Angliya chempionatida 156-o‘yin, shuningdek Angliya kubogida 9, Liga kubogida 7 va superkubokda 2 marta to‘qnashgan) bo‘lib tarixga kiradi. Shu kungacha bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning 72tasida «MYu», 50tasida «Siti» g‘alaba qozongan. 51 uchrashuvda durang qayd etilgan.

Premer-liga tashkil etilgan davrdan boshlab esa, bu ikki jamoa o‘zaro 39 marta uchrashgan. «MYu» hisobida 20, «Siti» hisobida 12ta g‘alaba mavjud. 7 uchrashuvda durang qayd etilgan. «MYu» APL doirasida «Siti» uyida jami 10ta uchrashuvda zafar quchgan.

«Manchester Yunayted» hamshaharlariga qarshi premer-liga doirasidagi so‘nggi 8 uchrashuvda faqat ikki marotaba g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. «Manchester Siti» o‘z uyida «Yunayted»ga qarshi o‘tkazgan so‘nggi 4 o‘yinning ikkitasida mag‘lubiyatga uchragan.

O‘yinoldi qiziqarli faktlar

Ikki jamoa so‘nggi marta 1994 yilning noyabr oyida haftaning payshanba kunida ro‘baro‘ kelgan va o‘shanda «Manchester Yunayted» 5:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Andrey Kanchelskis het-trikka erishgan.

«Manchester Yunayted» bu uchrashuvda mag‘lubiyatga uchramasa, o‘zining eng uzun mag‘lubiyatsiz serisini (2010/11 yil, 24 uchrashuvdan iborat) takrorlaydi.

Xosep Gvardiola bu uchrashuvda g‘alaba qozonsa, debyut mavsumidayoq Manchester derbsining ikkala uchrashuvini ham (birinchi davrada «Siti» «Old Trafford»dan g‘alaba bilan qaytgan — 2:1) yutgan uchinchi murabbiyga aylanishi mumkin. Bu natijani hozircha Sven-Yoran Eriksson va Manuel Pellegrini uddalay olgan xolos.

Agar Serxio Aguero bu uchrashuvda gol kiritsa, APLda ketma-ket olti uchrashuvda gol urgan bo‘ladi va o‘zining shu kungacha o‘rnatgan eng yaxshi natijasini takrorlaydi.

«Manchester Yunayted» mehmonda o‘tkazgan so‘nggi 8 uchrashuvning 7tasida g‘alaba qozongan, bir marta durang o‘ynagan. Jamoa oktabrdan buyon o‘z darvozasidan bittadan ortiq to‘p olib chiqmayapti. «Manchester Siti» esa o‘z uyida o‘tkazgan 15 uchrashuvning faqat 8tasidagina g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. 6 durang, 1 mag‘lubiyat.

Yo‘qotishlar

«Manchester Siti» yarimhimoyachisi Ilkay Go‘ndug‘an mavsum so‘nggiga qadar maydonga tusha olmaydi. David Silva «Arsenal»ga qarshi uchrashuvda kichik jarohat olgandi. Shu sababdan futbolchining bu safargi o‘yinda ishtiroki so‘roq ostida qolmoqda. Serxio Aguero esa maydonga tushishi kutilmoqda. Shuningdek uzoq tanaffusdan so‘ng Gabriel Jyezus safga qaytdi, biroq uning jismoniy holati uchrashuvni asosiy tarkibda boshlashga imkoniyat bermasa kerak.

Shuningdek, Pep Gvardiola Jon Stounz va Bakari Sanyaning maydonga tushishga shay bo‘lishidan umidvor bo‘lib turibdi.

«Manchester Yunayted»da esa yo‘qotishlar bir muncha ko‘proq. Zlatan Ibrahimovich jiddiy jarohat olib, yaqin orada safga qaytmasligi aniq bo‘lib ulgurgandi. Xuan Mata anchadan buyon o‘ynamayapti. Kris Smolling va Fil Jonsda ham muammolar bor. Endi ularning safiga Pol Pogba ham qo‘shildi. Mourino o‘yindan oldin bergan intervyusida Antonio Valensiya va Ander Errera uchrashuvga tayyor ekanini tasdiqlab o‘tgan.

Mavzuga oid
Top