12:43 / 27.04.2017
23450

Mirziyoyev Jizzax neftni qayta ishlash majmuasiga tamal toshi qo‘ydi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga safari doirasida Zafarobod tumaniga tashrif buyurdi. Tumanning "Chimqo‘rg‘on" qishloq fuqarolar yig‘ini hududida Jizzax neftni qayta ishlash majmuasi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA agentligi xabar qilmoqda

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash, tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirish orqali uning raqobatbardoshligini oshirish asosiy ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilangan. 

Energetika sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarga muvofiq, Jizzax viloyatida zamonaviy neftni qayta ishlash kompleksi barpo etiladi. Qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan loyiha yiliga 5 million tonna neft xomashyosini qayta ishlash imkonini beradi. 

Prezidentimizning Qozog‘iston va Rossiyaga davlat tashriflarida olib borilgan samarali muzokaralar natijasida majmua uchun xomashyo yaqinda barpo etiladigan neft quvuri orqali yetkazib kelinadi. Bu energiya resurslarini yetkazish xarajatlarini keskin kamaytiradi va loyihaning iqtisodiy samaradorligini oshiradi. Majmuaning geografik joylashuvi ishlab chiqarilgan mahsulotni mamlakatimizning barcha hududlariga va eksportga minimal xarajatlar bilan yetkazish imkoniyatini ta'minlaydi. 

Zavodda uglevodorod xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha eng zamonaviy, ekologik va energetik jihatdan samarador texnologiyalar o‘rnatiladi. Ular asosida jahon standartlariga javob beradigan motor va aviatsiya yoqilg‘isi, benzol, mazut, bitum va boshqa neft mahsulotlari ishlab chiqariladi. 

Aviatsiya kerosini ishlab chiqarish miqdorini oshirish havo kemalarimizning parvoz geografiyasini sezilarli darajada kengaytirish, yetakchi xorijiy aviakompaniyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlik orqali yo‘lovchi va yuk samolyotlarining tranzit reyslarini oshirish bilan bir qatorda mamlakatimiz aviatsiya sohasini yanada rivojlantirish imkonini beradi. 

Majmuaning ishga tushirilishi 2 mingdan ziyod, iqtisodiyotga aloqador va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida qo‘shimcha 14 mingdan ortiq kishining bandligini ta'minlashga xizmat qiladi. 

Marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. 

Majmuaga tantanali ravishda tamal toshi qo‘yildi. 

So‘zga chiqqanlar hududlar iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush farovonligini oshirish borasida olib borayotgan ezgu ishlari uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Mavzuga oid
Top