07:46 / 27.04.2017
8695

OAV: Putin va Tramp bir oydan keyin uchrashishi mumkin

Foto: people.com

Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp bir oydan keyin uchrashishlari mumkin. Bu haqda ikki mamlakatning davlat tuzilmalaridagi manbalarga iqtibos keltirgan holda "Kommersant'" nashri xabar bermoqda.  

Ikki yetakchining uchrashuvi "katta yigirmatalik"ning iyulda Gamburgda o‘tadigan sammitidan oldin yuz berishi mumkin. Manbalar ma'lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Moskva va Vashington Putin va Trampning Yevropa davlatlaridan birida may oxirida uchrashish imkonini muhokama qilmoqda.  

Ta'kidlanishicha, Tramp 25-27 may kunlari Bryusselga NATO sammitida va Italiyaning Taormina shahriga G7 sammitida ishtirok etish uchun bormoqchi. Bundan keyin u Putin bilan uchrashishi mumkin bo‘lgan yana bitta davlatga tashrif buyurishi mumkin. Yetakchilarning uchrashishi masalasi AQSh davlat kotibi Reks Tillersonning Moskvaga tashrifidan keyin batafsil ishlab chiqilmoqda.

Biroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu haqdagi xabarlarga izoh berib, "Hozircha hech narsa yo‘q" deb javob berdi.

Top