21:23 / 27.04.2017
11708

Fotoreportaj. Frantsuz yoshlari Makronga ham, Le Penga ham qarshi

Foto: epa/vostock-photo

Fransiya poytaxti Parij shahrida yuzlab o‘quvchilar mamlakat prezidentligi uchun saylovdagi ikki nomzod  — sobiq iqtisodiyot vaziri Emmanuel Makron va "Milliy front" partiyasi yetakchisi Marin Le Penga qarshi namoyishlar o‘tkazishdi.

Namoyishchilar maktab va litseylar oldidagi yo‘llarni yopib qo‘yishgan. Ular "Le Pen ham emas, Makron ham emas" shiorlarini hayqirishgan.

Shundan so‘ng turli ko‘chalardan chiqqan namoyishchilar Respublika maydoniga yurish boshlagan. U yerdan esa Bastiliya maydoniga yo‘l olishgan. Namoyishchilar yo‘l davomida ko‘plab do‘konlarning oynalarini sindirishgan, o‘t yoqishgan.

Marsh hukumat bilan kelishmasdan o‘tkazilgandi. O‘quvchilar politsiyaga qarata tosh va butilkalar irg‘itgan. Politsiyachilar namoyishchilarni ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz orqali tarqatgan.

23 aprel kuni Fransiyada prezidentlik saylovining birinchi turi o‘tkazilgan va unda 11 nomzod ishtirok etgandi. Natijalarga ko‘ra "Marshda" harakati rahbari Emmanuel Makron 24,01 foiz, Marin Le Pen esa 21,3 foiz ovoz oldi va ular ikkinchi turga o‘tishdi. Fransiyaning yangi prezidenti nomi 7 may kuni o‘tkaziladigan ikkinchi turdan keyin ma'lum bo‘ladi.

OpinionWay tomonidan chorshanba kuni o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, ikkinchi turda Le Penga 40 foiz, Makronga esa 60 foiz kishi ovoz berishi kutilmoqda.

Mavzu
Fransiyada prezident saylovi
11 nafar nomzod Yelisey saroyi uchun kurash olib bormoqda. Fransiya konstitutsiyasiga muvofiq, birinchi turdan so‘ng ikki nomzod qoladi. Ular saylovning yakuniy bosqichida ishtirok etadi. Ikkinchi tur 7 may kuni bo‘lib o‘tadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top