08:59 / 27.04.2017
5374

Reuters: Tramp Suriya va Iroqdagi qo‘shinlar borasida Pentagonga keng huquqlar berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Pentagonga keng vakolatlar taqdim etdi. Unga muvofiq, Amerika mudofaa vazirligi Suriya va Iroqqa safarbar etilgan qo‘shinlar soniga mustaqil ravishda o‘zgartish kirita oladi. Bu haqda Reuters agentligi AQSh ma'muriyatidagi manbalariga asoslangan holda xabar qilmoqda.
 
Biroq, manbalarning so‘zlariga ko‘ra, shu paytga qadar hech qanday o‘zgarish qilingani yo‘q. Agentlikning mudofaa vazirligidagi manbalarining aytishicha, AQShning Iroq va Suriyadagi strategiyasi hamon mahalliy kuchlarni IShIDga qarshi kurashida qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bu usul, deb yozadi Reuters, AQShning quruqlikdagi kuchlarining yirik kontingentini mintaqaga safarbar etish zaruratini yo‘qqa chiqardi. 

Ayni vaqtda, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Iroqda 5 262 amerikalik harbiy xizmatchi bor. Suriyada 503 nafar harbiy o‘z majburiyatini ado qilmoqda. Tramp qarori esa, Amerikaning joylardagi harbiy qo‘mondonlari vakolatlarini kengaytirish tomon tashlangan qadam bo‘ldi. 

AQSh qurolli kuchlarini kuchaytirish tarafdorlari, xususan Kongressdagilar ham prezidentning bu qarori jang maydonida kutilmagan holatlarga zudlik bilan chora ko‘rish imkonini beradi, deb hisoblashmoqda. Iroq hukumati, o‘z navbatida, AQSh kuchlarining mintaqada bo‘lishi kerakligini ta'kidlaydi. 

Top