15:12 / 27.04.2017
11306

Rossiyaliklarning yarmi Medvedev iste'fosini istayotgani va mamlakatdagi muammolarga qaramasdan 85 foiz kishi baxtiyor

Foto: Kommersant'

Rossiya jamoatchiligida navbatdagi mojaro avj olmoqda. «Levada-sentr» tadqiqot olib bordi, biroq uning natijalariga ko‘ra, fuqarolarning bosh vazir Dmitriy Medvedevga nisbatan munosabati yomonlashgan. Xususan, mart oyida Medvedevning hukumat rahbari lavozimidagi faoliyatini ijobiy baholaganlar soni fevral bilan taqqoslaganda 10 foizga tushib ketgani ma'lum bo‘ldi.

So‘nggi voqealardan kelib chiqiladigan bo‘lsa, bunda hech qanday sensatsiya yo‘q. Bundan tashqari, reyting albatta tushib ketgan, biroq juda ham past darajaga emas. Biroq katta e'tibor ijtimoiy tadqiqotchilarning ishi natijasi emas, balki undan keyingi voqealar sabab kelib chiqdi. Medvedev matbuot kotibi  Natalya Timakovaning ma'lum qilishicha, shef «siyosiy buyurtma bo‘lgan bunday so‘rovlar natijalariga katta e'tibor qaratmaydi». Tahlilchilar esa bundan darg‘azab bo‘lishdi hamda uzr so‘ralishini talab qilishgan, biroq bosh vazir tomoni bundan bosh tortdi – natijada mojaro kelib chiqdi. Shuni ta'kidlab o‘tish joizki, «Levada-sentr» yaqinda xorijiy agentlar safida e'tirof etildi. Norasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, u qandaydir darajada liberal va hukumatga tanqidiy ruhda yondashadi, ekspertlarning o‘zi esa buni rad etishmoqda.

Xullas, tepadagilar «Levada» keltirgan raqamlardan norozi. Tasodifmi yoki yo‘q, bunisi noma'lum, ammo o‘sha kunning o‘zidayoq boshqa bir so‘rov – davlat jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi natijalari e'lon qilindi. Unga ko‘ra, rossiyaliklarning 85 foizi barcha muammo va inqirozlarga qaramay baxtiyor ekan. Bu 1990 yildan beri eng maksimal ko‘rsatkichdir. Fuqarolar xursand: mamlakat YaIM o‘smoqda, milliy valyuta mustahkamlanmoqda. Shu bilan birga, sotsiologlar ishi aslida qanday bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib qo‘yilgandek tasavvur uyg‘onadi. Mana ular – to‘g‘ri raqamlar: xalq barcha muammolarga qaramay baxtiyor. Aniqki, bu tushib ketgan reytinglardan ko‘ra ancha yoqimliroq eshitiladi. Ammo bundan keyin ijtimoiy tadqiqotchilarga nisbatan qandaydir xulosalar ham chiqarilishi mumkin – nimani va qachon to‘g‘ri tadqiq etish va qaysi ma'lumotlardan foydalanish.

Aslida, ular aybdor emas – shunchaki fuqarolarni so‘rovdan o‘tkazishadi. Buyurtma qilishning o‘lchovlari qani? Rossiya bosh vaziri aftidan himoya usulini tanlamadi. Reaksiya ham juda hissiyotlarga boy. Shunchaki, biz ishlamoqdamiz, murakkab qarorlarni qabul qilayapmiz, deyish mumkin edi – prezident matbuot kotibi aynan shunday degan. Buning ustiga, hukumat uchun hech qanday xavf-xatar yo‘q: hazilakam natijami – aholining 85 foizi baxtli!

Rossiyaliklarning deyarli yarmi Medvedevning iste'fosi tarafdori

Top