07:30 / 27.04.2017
5268

O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi

26 aprelda O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 8-raundi an'anaviy O‘zbekiston-Turkiya aloqalariga mos ravishda ochiq, qizg‘in, samarali va yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar davomida siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, sayyohlik, madaniy va boshqa sohalarda ikki tomon munosabatlariga doir barcha dolzarb masalalar batafsil muhokama qilindi.

Bo‘lib o‘tgan suhbat o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda aksariyat dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar, shuningdek yetakchi xalqaro tashkilot va institutlar, birinchi navbatda BMT va Islom hamkorlik tashkiloti doiralaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha pozitsiyalarning o‘xshash va muvofiqligini tasdiqladi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma ruhi va tamoyillariga ikki tomonning ham birdek sodiqligi qayd etildi.

Siyosiy maslahatlashuvlar yakunlari bo‘yicha o‘zaro aloqalarning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallagan maqsad va vazifalarini belgilab beruvchi muhim kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, uchrashuvda imzolangan Ikki davlat tashqi siyosat idoralari o‘rtasida 2017-2018 yillarga mo‘ljallangan Hamkorlik dasturi o‘zbek-turk munosabatlarini har jihatdan rivojlantirishga qaratilgan.

Top