14:20 / 28.04.2017
53073

Hokimiyat taqdim etadi: yangi turdagi uy-joy olish "shou"si

Kun.uz tahririyatiga O‘zbekistonning turli chekkalaridan har xil masalalar bo‘yicha murojaatlar kelishda davom etmoqda. Ularning mazmuni turlicha, boshqa-boshqa joydan kelgan. Ammo muammoning mazmun va mohiyati, ko‘lami va dolzarbligi bir xil. Ana shunday murojaatlardan biri Toshkent shahrining Sergeli tumanidan kelib tushgan. Unda ipoteka asosida yangi qurilayotgan uy-joylar xarid qilish va bu borada hokimiyat tutayotgan yo‘l tilga olingan.

"Shu kunlarda Sergeli tumani hokimiyatida ham ajoyib, ham ko‘p seriyali “shou” bo‘lmoqda. Bu voqealarning asosiy rejissyori ham, ijrochisi ham uy-joy bo‘limidagi atigi 1-2 nafar shaxslardir.

Ma'lumki, Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan Sergeli tumanida arzon uy-joylar qurilishi boshlab yuborildi. Joriy yilning 1 apreliga qadar minglab aholi ipoteka krediti asosida ushbu uylardan olish uchun hokimiyatning uy-joy bo‘limiga so‘ralgan hujjatlarni topshirishdi.

Odatga ko‘ra, ushbu hujjatlar topshirilgan ketma-ketligi, ya'ni navbat bo‘yicha tuman hokimligi huzuridagi, bevosita hokim raisligidagi uy-joy komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.

Masalan, men 1 fevralda hujjat topshirdim deylik. Siz taxminan 400-o‘rindasiz deyishadi. Ammo uy-joy komissiyasi nechanchi o‘rinda hujjat topshirayotganlarni ko‘rib chiqmoqda, ahvol shu taxlit davom etsa, meni galim kachon keladi? Bu kabi ma'lumotlarni bilishning umuman iloji yo‘q. Jilla qursa, hokimiyat binosi kirish joyiga hujjat topshirganlarning ro‘yxati ham ilib qo‘yilmagan. Keyinchalik telefon orqali yana navbat so‘ralganda butunlay boshqa raqamni aytishadi. Shu tariqa yuzlab, minglab odamlar xunobi oshib yurishga mahkum!

Eng alamlisi, haftada atigi 2 kun, unda ham 3-4 soat fuqarolarni qabul qiladigan uy-joy bo‘limi oldidagi tumonat odamni ko‘rib, qo‘rqib ketasan. (Darvoqe, amaldagi tartiblarga ko‘ra, fuqarolarning qabul muddatini bu qadar qisqa muddat qilib belgilab qo‘yish ham noto‘g‘ri!) Kimdir qo‘liga qog‘oz olib, navbatni yozadi. Bir amallab 98-o‘rin nasib qildi. Ammo 2 soat o‘tdi ham-ki, galim kelmadi. Ishdan atigi 1 soatga ruxsat olganim bois, navbatim kelmay, kirolmay kaytib ketdim. Menga o‘xshagan boshqa ishchi-xizmatchilarning ahvolini tasavvur qilavering. Shu tariqa sun'iy to‘siq vujudga keltirilgan.

Mendan 1 xafta keyin hujjat topshirganlar allaqachon komissiya yig‘ilishiga telefon qilib chaqirildi, ipoteka kreditini rasmiylashtirishni ham boshlab yuborishdi. Ammo meni hanuzgacha chaqirishmadi. Vaholangki, hozirgi ahvolim har jihatda arzon uy-joy olish uchun nomzodlar qatoriga kiritish talablariga javob beradi.

Shu tariqa ichingda shubha-gumonlar o‘ralay boshlaydi. Prezidentimiz ushbu uylar adolatli tarzda taqsimlanishi kerak, deb kuyunchaklik bilan bildirgan fikrlarini Sergeli hokimiyatidagi mutasaddilar eshitishmagan, eshitishgan bo‘lishsa-da, ehtimol o‘zlarini eshitmaganga solayotgandirlar. Balki buning ortida qo‘shtirnoq ichida boshqa manfaat bordir?!".

“Ushbu masala ham jiddiy o‘rganib chiqilishini istayman. O‘sha uylardan olish nasib qilmasa ham mayli, ammo 3-4 ta odamning sovuqqonligi deb xalqimiz umid  ko‘zlari bilan, ishonch bilan qarayotgan Prezidentimizga va uning siyosatiga nisbatan ishonchsizlik va umidsizlik tug‘ilmasin.

Ismi-sharifimni ataylab ko‘rsatmadim. Tag‘in, uy-joy bo‘limida chang bosib yotgan hujjatlar to‘plamim tasodifan  izsiz “yo‘qolib” qolmasin deyman-da!”, deb yozadi u.

Shu o‘rinda ushbu vaziyat bilan bog‘liq bir jihatni keltirib o‘tsak. Har bir tumanda ushbu turdagi uylarni olish uchun zarur hujjatlar, jumladan, kam ta'minlangan oila to‘g‘risidagi ma'lumotnoma ham taqdim etilishi kerak. Toshkent shahrining Yunusobod tumanida istiqomat qilayotgan fuqarodan kelib tushgan murojaatga ko‘ra, mazkur hujjatlarni olish, taqdim etish masalasida ham qator qiyinchiliklar, notabiiy talablar vujudga kelmoqda. 

O‘ylaymizki, ayni damda uy olish bilan bog‘liq mazkur muammolar yechimi tez orada ishlab chiqiladi va odamlar mushkuli oson etiladi. Qalbda dard o‘rnida quvonch bo‘lishiga nima yetsin?!

Top