09:56 / 28.04.2017
20170

Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi yo‘lning modernizatsiyasi qachon yakunlanishi ma'lum

Ozarboyjonning Evrascon kompaniyasi Qamchiq dovoni orqali o‘tuvchi strategik avtomobil yo‘li rekonstruksiyasi bo‘yicha ishni kelasi yili yakunlaydi. Bu haqda Sputnik avtomobil yo‘llari bo‘yicha Davlat qo‘mitasidagi manbaga asosan xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarboyjon kompaniyasi avvalgi pudratchi – Ispaniyaning Corsan Corviam Construction o‘z majburiyatlarini bajarmagach, ishlarni bu yildan boshladi.

Loyiha Toshkent-O‘sh A-373 avtomobil yo‘lining 116-190 kilometrlik qismidagi rekonstruksiyani nazarda tutadi, u aynan Qamchiq dovoni orqali o‘tadi. Uni amalga oshirish bo‘yicha shartnoma ispanlar bilan 2012 yilda imzolangan, uning summasi esa qariyb 140 million dollarni tashkil etgan. Biroq keyinchalik ispanlar texnik reglamentning qator qo‘pol buzilishlari tufayli ishlardan chetlatildi. Shu bilan birga, ispaniyaliklar eskirgan texnologiya qurilmalarni ishlatgan, shartnomada kelishilgan muddatlarga rioya etmagan va tekshirilmagan subpudratchilarni jalb etgan.

"Corsan Corviam Construction shartnoma bilan rejalashtirilgan ishlarning taxminan 35-40 foizini bajardi. Uning chetlatilishidan so‘ng, tenderda Ozarboyjonning Evrascon’i g‘alaba qozondi, u joriy yilda yo‘lga sementbeton qoplama yotqizish bo‘yicha ishlarga kirishdi. Rejaga ko‘ra, loyiha doirasidagi barcha ishlar 2018 yilga yakunlanadi. Bu O‘zbekiston uchun juda muhim strategik loyiha, shuning uchun biz bajarilayotgan ishlar sifatiga juda jiddiylik bilan yondashmoqdamiz", - deya ta'kidlab o‘tgan suhbatdosh.

Eslatib o‘tamiz, Qamchiq dovoni orqali yo‘l O‘zbekistondagi aholi eng zich joylashgan hudud – Farg‘ona vodiysini respublikaning boshqa mintaqalari bilan bog‘lovchi yagona avtomobil yo‘li sanaladi. Qamchiq dovoni orqali bir sutka davomida 21 mingdan ortiq avtomobil o‘tadi.

Avvalroq Qamchiq dovonida avtomobillar uchun yana bir tunnel qurilishi haqida xabar bergandik.

Top