15:00 / 28.04.2017
10622

Jurnalistika fakulteti OAV tili va uslubi muhokamasiga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazdi

O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti "Uslubiyat va tahrir" kafedrasi tomonidan "Ommaviy axborot vositalarida til, uslub va tahrir masalalari" mavzusida vazirlik miqyosida an'anaviy V ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Anjumanda matbuot, radio va televideniyening mamlakat iqtisodi, fani, madaniyati, butun jamiyat hayoti rivojidagi o‘rni va ahamiyati tobora oshib borayotgani, OAV ijtimoiy ongni shakllantirish va aks ettirishning muhim quroli hisoblanishi qayd etildi.

Ommaviy muloqot tili va uslubi kundalik umumadabiy so‘zlashuv nutqi ehtiyojlari va qonuniyatlariga asoslanishi kerakligi, chunki axborotni qayta ishlash va uzatish jarayonlari uni qabul qilish va tushunish qonuniyatlariga muvofiq holda amalga oshirilishi va bu masalalar dolzarb ahamiyatga egaligi ta'kidlandi.

Professor o‘qituvchilar, mustaqil tadqiqotchilar, bakalavriat, magistraturada tahsil olayotgan jurnalist talabalar anjumanda ko‘tarilgan masalalar yuzasidan ma'ruzalar qilishdi. Unda ishtirok etganlar konferensiya mavzusi yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirishdi.

Anjumanda OAV matnlarining tili, uslubi va tahriri sohasida mavjud muammolar va ularning yechimlari, OAV matnlarining ta'sirchanligini oshirish yo‘llari, noshirlik sohasini rivojlantirish istiqbollari yo‘nalishlariga oid yangiliklar, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar borasidagi masalalar jurnalistika sohasidagi olimlar, ilmiy tadqiqotlar va malakali amaliyotchi-jurnalistlar tomonidan muhokama etildi.

Mazkur anjumanda respublika oliy o‘quv yurtlarining jurnalistika va filologiya sohasi olimlari va mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, magistrantlar ushbu muammolarni ilmiy nuqtai nazardan yechishga harakat qilishdi. Bundan tashqari, anjumanda respublika OAV rahbarlari va yetakchi jurnalistlarining ishtirok etishi fan bilan ishlab chiqarishning integrallashuvini yanada oshiradi.

Konferentsiyada quyidagi ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha sho‘'balar faoliyat ko‘rsatdi:
1. Ijtimoiy hayotda jurnalistikaning o‘rni;
2. Internet jurnalistika muammolari;
3. Matbuot materiallari tahriri;
4. Audiovizual jurnalistika: til va uslub masalalari.

Mazkur ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lajak jurnalistlarning bilim, malaka va tajribasini, jurnalistik mehnat samaradorligini oshirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.

Top