23:14 / 30.04.2017
7111

Tramp Filippin prezidentini Oq uyga taklif qildi

Foto: Rouelle Umali / Xinhua / Zumapress / Globallookpress.com

AQSh prezidenti Donald Tramp "do‘stona" telefon muloqoti vaqtida Filippin prezidenti Rodrigo Duterteni rasmiy tashrif bilan Vashingtonga kelish taklifini berdi. Bu haqida Oq uy ma'lumotiga asoslanib, BBC xabar berdi. 

Manbaga ko‘ra, prezidentlar Dutertening giyohvand moddalarga qarshi e'lon qilgan urushi va ikki mamlakat munosabatlari, shuningdek Shimoliy Koreya tomoni tahdidini muhokama qilishgan. 

G‘arb yetakchilari shafqatsiz aksilnarkotik kampaniyasi uchun bir necha marta jahon hamjamiyati tomonidan qoralangan Filippin yetakchisi bilan muloqot qilmaslikka harakat qilishadi, zero bu urush natijasida mamlakatda minglab kishilar halok bo‘lgan.

"Prezident Tramp hozirda ijobiy yo‘nalishda olgan AQSh va Filippin o‘rtasidagi munosabatlar muhokamasi uchun Duterteni Oq uyga taklif qildi", - deya xabar berildi Oq uyda. 

2016 yilda rahbariyat tepasiga kelgan Duterte mamlakatdagi narkobiznes va korrupsiyani tag-tugi bilan yo‘q qilishga, joiz bo‘lsa, bu yo‘lda millionlab kishilar hayotini qurbon qilishga va'da berdi.

O‘tgan yilning dekabrida u uch nafar giyohvand modda sotuvchisini shaxsan o‘ldirganini tan olgandi. 

Huquq himoyachilari va halok bo‘lganlarning qarindoshlari ta'kidlashicha, ko‘pincha begunoh va himoyasiz kishilar ham politsiya qurboniga aylanmoqda. 

AQShning sobiq prezidenti Barak Obama Dutretening jinoyatchilik bilan kurashish usullarini tanqid ostiga olgandi. Natijada ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar keskin yomonlashgan: Filippin yetakchisi Obamani ikki marta haqorat qilib, hech qachon AQShga bormasligini aytgan edi. 

Mavzuga oid
Top