17:52 / 01.05.2017
12223

Kuchli beshlikning kutilgan chempioni, shimoliy Londonning yangilangan tarixi va uik-end boshqa yorqin lahzalari

Foto: Twitter/@FCBayern

Aprelning so‘nggi uik-endiga kelib Yevropaning eng kuchli beshta chempionatida dastlabki chempion nomi aniq bo‘ldi. Kutilganidek «Bavariya» bundesligada hech kimga non qoldirmadi. Angliyada «Tottenhem» azaliy raqibini mag‘lubiyatga uchratdi. Fransiyada «PSJ» uzoq yillik tanaffusdan so‘ng chempionlikdan quruq qolish arafasiga kelib qoldi. Uik-endning shu kabi bir qator yorqin voqeiliklarini Tribuna.Uz yodga olib o‘tishga qaror qildi.

Shimolda esgan teskari shamol

Angliya premer-ligasi tashkil etilganidan buyon «Tottenhem» Shimoliy Londondagi eng azaliy raqibi «Arsenal»dan deyarli har bir mavsumda ortda qolib kelgan. So‘nggi yillarda o‘sishga erishgan Pochettino jamoasi «Arsenal»dan endi yuqori o‘rinni egallaydi deb kutganida baribir «Arsenal» so‘nggi turlarda bu ishni puchga chiqarardi. Nihoyat oradan 22 yil o‘tib «Tottenhem» bu an'anaga barham berdi. Aynan Shimoliy London derbisidagi g‘alaba evaziga «shporlar» mavsumni «Arsenal»dan teparoqda yakunlash masalarini hal qilib qo‘ydi.

Peshqadam «Chelsi» esa joriy mavsumdagi top-7ning so‘nggi jamoasiga qarshi uchrashuvni muvaffaqiyatli o‘tkazib oldi. Liganing eng yaxshi hujumchisiga ega jamoa uyida darvoza daxlsizligini saqlagan Konte jamoasi «Tottenhem» bilan oradagi farqni saqlab qoldi.

Foto: Twitter/@SpursOfficial

Manchesterning ikki jamoasi esa autsayderlarga qarshi kechgan uchrashuvlarda ochko yo‘qotdi. Mourino jamoasi «Suonsi»ni qabul qilib g‘alaba qozona olmagan bo‘lsa, Gvardiola va Ko «Midlsbro» uyida so‘nggi daqiqalarda g‘alabadan qutulib qoldi.

Barqaror Ispaniya, barqaror grandlar

Foto: Twitter/@realmadrid

Ispaniya La-ligasida ikki grandning o‘zaro o‘yinlaridan keyin barchasi yana o‘z iziga tushib qoldi. Albatta bu faqat natija e'tibori bilan. Misol uchun «Real» bu turda «Valensiya»ni so‘nggi daqiqalarda Marseloning individual harakatlari evaziga kiritilgan gol evaziga mag‘lubiyatga uchratdi.

Foto: Twitter/@FCBarcelona

«Barselona» esa Kataloniya derbisida hisobni ochguniga qadar ancha qiynaldi va birinchi golni kiritib olgach, buyog‘ini to‘g‘ri yo‘lga sola bildi.

Besh karra «Bavariya»!

Foto: Twitter/@FCBayern

Germaniya bundesligasida so‘nggi yillarda an'ana o‘zgarmay kelmoqda. «Bavariya» bu safar chempionat tugashiga uch tur qolganda o‘sha mashhur kumush «tovoq»ni o‘ziniki qilib oldi. Bunga o‘z navbatida ochko yo‘qotgan «Leyptsig» ham yordam berib yubordi.

Shuningdek bundesliga sharafini kelgusi mavsumda YeChLda himoya qiladigan to‘rtta jamoaning ham nomi ma'lum bo‘ldi. «Bavariya» va «RB»dan keyin «Hoffenhaym» va «Borussiya» Dortmund bu masalani o‘zlari uchun ijobiy hal qilishga ulgurdi.

Imperatorning Rim bilan xayrlashuvi

25 yillik proffesional futbolchilik faoliyatidan so‘ng Franchesko Totti faoliyatini yakunlashga qaror qildi. Joriy mavsum uning uchun so‘nggisi bo‘ladi. O‘tgan haftada Totti uchun so‘nggi Rim derbisi bo‘lib o‘tdi. Rasmiy mezbon sifatida harakat qilgan bo‘rilar o‘z «imperator»iga sovg‘a tayyorlay olmadi. Keyta Baldening dubli evaziga «Latsio» g‘alaba qozondi.

Foto: Eurofootball.com

«Roma»ning ochko yo‘qotishidan oldinroq «Yuventus» ham ochko yo‘qotgandi. Bergamoda mehmon bo‘lgan Allegri shogirdlari so‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol sabab ikki ochkodan mahrum bo‘ldi. Yana bir YeChL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan jamoa «Napoli» esa «Inter» uyida o‘ta muhim g‘alaba bilan ortga qaytdi.

Zabt etilgan Parij

Foto: Eurofootball.com

Fransiya chempionatida uzoq tanaffusdan so‘ng chempion almashadigan ko‘rinadi. Bir necha yillar davomida peshqadamlikni hech kimga bermay kelayotgan «PSJ» o‘tgan haftada eng muhim uchrashuvni boy berdi. Nitstsaga tashrif buyurgan Unai Emeri shogirdlari Balotelli va Ko oldida hech narsa qila olishmadi. Natijada «Nitstsa» «PSJ» bilan farqni uch ochkogacha qisqartirdi.

«Monako» esa bundan unumli foydalanib qoldi. «Tuluza»ni yenggan monegaskliklar «PSJ» bilan oradagi farqni uch ochkoga yetkazdi. Bundan tashqari jamoa hisobida yana bitta zaxira o‘yini turibdi.

Shuningdek bu haftada Rossiyada ham markaziy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda «Spartak» TsSKA uyida g‘alaba qozonib, 18 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marta ikki uchrashuvda ham «armiyachilar»ni mag‘lubiyatga uchratdi va 16 yildan so‘ng ilk marta chempion bo‘lish uchun yana bir qadam tashladi.

Foto: Twitter/@fcsm_official
Top