23:39 / 01.05.2017
7509

O‘zLiDeP deputatlik guruhlari xususiy mulk muammolarini o‘rganishga kirishdi

Foto: O‘zLiDeP

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi hamda partiya shahar deputatlik guruhi hamkorligida xususiy mulk muammolariga bag‘ishlangan “Xususiy mulk huquqlarini mustahkamlash, uni rivojlantirish samaradorligini ta'minlash” mavzuida ochiq muloqot tashkil etildi. Bu haqda O‘zLiDeP Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Unda 2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasining “Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish” yo‘nalishida belgilab qo‘yilgan ustuvor vazifalarning ijrosi, xususan, Toshkent shahrida xususiy mulk huquqlarining ta'milanishi hamda Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni va “Xususiylashtirilgan korxonalar bilan ishlash samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyati va partiya deputatlik guruhi oldidagi muhim masalalar atroflicha muhokama etildi.

Foto: O‘zLiDeP

Tadbirda ishtirok etgan Davlat raqobat qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi mas'ul xodimining qayd etishicha,qabul qilingan xususiylashtirish dasturlariga asosan Toshkent shahridagi davlat aktivlarini xususiy mulkka sotish ishlari olib borilmoqda. Unga ko‘ra, joriy yilning shu kuniga qadar umumiy qiymati 67 mlrd.  909 mln. 453 ming so‘mga teng bo‘lgan 11 ta davlat aktivlari sotilib, tuzilgan oldi-sotdi shartnomalariga ko‘ra umumiy qiymati10 mlrd. 28 mln. 45 ming so‘mlik investitsiya majburiyatlarini bajarish va jami 121 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish nazarda tutilgan.

Tadbirda so‘z olgan partiya deputatlik guruhi vakillari bu borada olib borilayotgan ishlar qoniqarli darajada emasligini ta'kidlashdi.

— Toshkent shahrida avval hususiylashtirilgan “Rele va avtomatika”, “Algoritm” zavodlari, “Toshkent qo‘g‘irchoq” fabrikasi, “sergeli mebel” korxonasi va boshqa ko‘plab obektlarni xususiylashtirish yaxshi natija bermadi, - deydi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashidagi partiya deputatlik guruhi rahbari To‘rabek Nazarov. —Birgina “Toshkent qo‘g‘irchoq” fabrikasida 3 mingga yaqin shahrimiz fuqarolari mehnat qilib, farzandlarimiz uchun ekologik toza o‘yinchoqlar ishlab chiqarar edilar. Ammo bugungi kunda ushbu korxona faoliyat yuritmayapti. Xulosa qilish mumkinki, bu borada xususiylashtirishga tegishli bo‘lgan tashkilotlar yetarlicha e'tibor qaratmayaptilar.

Foto: O‘zLiDeP

Shuningdek, tadbirda joy muammosi bilan ishtirok etgan tadbirkorlar soha mutaxassislariga savollari bilan murojaat qildilar.

Nigora Soim, “NigoraMediaGroup” XK rahbari:

— Ochiq muloqotda tadbirkorligimni kengaytirish uchun davlat tasarrufidagi bo‘sh binolardan birini bank krediti evaziga harid qilsambo‘ladimi? degan savol bilan mutaxassisga yuzlandim. Unga javoban Davlat raqobat qo‘mitasi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi yuristi Muzaffar Qosimov agar tadbirkorlar foydalanilmayotgan obektlarni harid qilish uchun mablag‘i yetarli bo‘masa, “Kafolat” fondiga murojaat etishlari mumkinligini,unda umumiy summasi 100 ming AQSh dollari ekvivalentidan oshmaydigan bank kreditlarining garov bilan ta'minlanmagan qismi uchun, kreditning 50 foizigacha ta'minot ajratishlarini aytib, yo‘l yo‘riq ko‘rstdi. Tadbirda ishtirok etib, o‘zimga kerakli ma'lumotlarni olganimdan mamnunman.

Tadbirda shu kabi bir nechta masalalar muhokama etilib, hal etish bo‘yicha soha mutaxassislariga aniq ko‘rsatmalar berildi.

Top