11:25 / 01.05.2017
48044

Yuridik ta'lim tizimida katta o‘zgarish bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 28 aprel kuni Toshkent davlat yuridik universiteti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid PQ-2932-sonli qarorga imzo chekdi. Bu haqda xushnudbek.uz xabar bergan.

Mazkur qarorga ko‘ra, O‘zbekiston milliy ta'lim tizimida hali yangilik bo‘lgan ko‘plab quvonarli o‘zgarishlar boshlab berilganini ta'kidlash joiz. Xususan, bular quyidagilar:

1) avvalo TDYuUga universitet bitiruvchilari uchun, o‘quv rejalari va dasturlari uchun talablarni huquqni qo‘llash amaliyotidan kelib chiqib mustaqil ravishda shakllantirish huquqi berildi. Bu degani endi TDYuU amalda o‘quv jarayonini Oliy ta'lim vazirligidan mustaqil ravishda belgilay oladi;

2) TDYuUga pedagog xodimlarning o‘quv yili uchun 1540 soatlik yuklama bajarishiga oid sovet davridan qolgan talablardan voz kechib, mustaqil ravishda universitet o‘qituvchilariga faqat o‘quv faoliyati bilan bog‘liq mehnat vazifalarini yuklash mexanizmini ishlab chiqish huquqi berildi. Bu ham quvonarli o‘zgarish. Chunki o‘zimni boshimdan o‘tganim uchun o‘qituvchilarga 1540 soatlik yuklamani to‘ldirish naqadar qo‘shimcha “nagruzka” yuklashini yaxshi bilaman. Buning ustiga 1540 soatni bajarmasangiz “pulini halollab olmagan va o‘z ishiga noloyiq” degan tamg‘ani bosishadi, lekin umumiy yuklamadan bir necha yuz soat ko‘p bajargan o‘qituvchilarga qo‘shimcha haq haqida lom-mim deyilmaydi;

3) universitet pedagog xodimlarini qo‘shimcha rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Bunga ko‘ra, o‘qituvchilarga 100 foizgacha bo‘lgan miqdorda ustama joriy qilindi. Bu ham quvonarli xabar. Moddiy tomondan yaxshi ta'minlangan pedagogda o‘z ustida ishlashida ham, ta'lim sifatida ham, imtihon vaqtida ham ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi shubhasiz. Ayniqsa, ta'limdagi korrupsiyaning oldini olish uchun ham bunday tizim zarur;

4) semestr davomida nazariy fanlardan o‘quv jarayonlari 19 haftalik standart 14 haftagacha qisqartirildi. Tejab qolingan haftalar talabalarning mustaqil izlanishiga hamda imtihonlarga tayyorlanishiga ajratiladi;

5) universitet o‘quv jarayonlarida xuddi g‘arb davlatlaridagi kabi kredit tizimi joriy etiladi;

6) universitetda talabalar qabul kvotasi kontrakt hisobiga 600 ta etib belgilanadi (o‘tgan yili 450 nafar edi). Buning ustiga universitetga ehtiyojdan kelib chiqib, qo‘shimcha kontrakt kvotalari olish huquqi berildi. Ma'lumotlarga ko‘ra, universitet yana 300 tagacha qo‘shimcha kontrakt (xalq tilida “super kontrakt”) olishi mumkin ekan;

7) yana bir quvonarli o‘zgarishlardan biri, TDYuU xorijlik talabalarni xorij valyutasida to‘lanadigan kontrakt evaziga imtihonsiz, shunchaki suhbat asosida qabul qilishi mumkin bo‘ldi;

8) Bundan buyon TDYuU rektorlari bir vaqtning o‘zida Adliya vaziri o‘rinbosari sifatida tayinlanadigan bo‘ldi. Masalan, hozirgi rektor Ye.Kanyazov Prezidentning PQ-2933-sonli qarori bilan Adliya vaziri o‘rinbosari – TDYuU rektori lavozimiga tayinlandi;

9) 11 kishidan iborat TDYuU Vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi. Kengash raisi Bosh Prokuror I.Abdullayev, Kengash raisi o‘rinbosari Adliya vaziri M.Ikramov etib tayinlandi. Shuningdek, Kengash tarkibiga Prezident Davlat maslahatchisi O.Murodov, Sudyalar Oliy kengashi raisi M.Usmanov, Konstitutsiyaviy sud raisi B.Mirbabayev, Oliy sud raisi Sh.Gaziyev, Ichki ishlar vaziri A.Azizov, Oliy ta'lim vaziri R.Qosimov, Sudyalar assotsiatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari U.Mingboyev, Advokatlar palatasi raisi R.Axmedov hamda Adliya vaziri o‘rinbosari – TDYuU rektori Ye.Kanyazov kiritildi.

«Umid qilamiz, bo‘lgan o‘zgarishlar kelgusida o‘zining ijobiy samarasini beradi va xalqimizga sidqidildan xizmat qiladigan bilimli, halol va yangicha fikrlaydigan huquqshunoslar yetishib chiqadi», deyilgan xabarda.

Mavzuga oid
Top