13:12 / 02.05.2017
17553

Bagaj tutkichlari orasida 650 dollarni olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi

Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan tovarlar haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma'lum qilishlari shart. Bu talab olib o‘tilayotgan naqd xorijiy valyutalar va tamaki mahsulotlariga ham birdek taalluqli.

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmatining xabar berishicha, “Toshkent-Aero” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi xodimlari tamaki mahsulotlarini yashirin ravishda olib chiqish maqsadida bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilishga bo‘lgan navbatdagi urinishni fosh etishdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Gap shundaki, “Toshkent-Istanbul” reysi bo‘yicha parvozga otlangan poytaxtlik Xushnoda Yarasheva xorijda pullash uchun ko‘zlangan 2 turdagi 550 quti sigaretlarni bojxona nazoratidan yashirincha olib chiqish maqsadida ularni nonlar orasiga yaxshilab bekitadi va ko‘rinib qolmasligi uchun yelim skotch yordamida yaxshilab o‘raydi. Ammo, nazorat-rentgen apparati ekranida ushbu sigaretlar kaftdek aks etishini qoidabuzar inobatga olmagan edi.

Amaldagi tartiblarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashash joyiga ega bo‘lmagan chet ellik fuqarolarga O‘zbekistonga kirib kelish vaqtida bojxonaga taqdim etilgan deklaratsiyaga muvofiq respublikaga olib kirgan valyutasi miqdoridagi naqd xorijiy valyutani bojxona bayonnomasida yozma qayd etish sharti bilan olib chiqib ketishlariga ruxsat etiladi.

Ammo, mazkur tartiblarga rioya qilmay, respublikamizdan naqd xorijiy valyutalarni yashirin yo‘llar bilan olib chiqishga urinayotgan qo‘shni davlat fuqarolari ham uchrab turibdi.

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Qarshi-Kerki” chegara-bojxona posti xodimlari naqd xorijiy valyutalarning yashirin olib chiqilishiga doir bir nechta bojxona qoidabuzarliklarini fosh qilishdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Turkmaniston Respublikasi fuqarosi B.Bobonazarov ham 2150 AQSh dollarini yashirincha olib chiqish uchun noutbuk uchun mo‘ljallangan sumkada ko‘z ilg‘amas bo‘shlig‘iga bekitgani bojxona ko‘rigi davomida fosh etildi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Uning yurtdoshi S.Pirxanova esa bojxonachilarning ko‘zini shamg‘alat qilish maqsadida 650 AQSh dollarini bagaj tutkichlari orasiga yashirgancha olib chiqib ketayotgan paytda to‘xtatib qolindi.

Bundan tashqari, qo‘shni davlat fuqarolari G.Abdiromovaga ham 600 AQSh dollarini yashirincha olib chiqish rejasi naf bermadi.

Eslatib o‘tamiz, muqaddam ayni shu postda oyoq kiyimlariining ichki qismiga qo‘shni davlat fuqarolari X.Gulboyev 2200 AQSh dollarini, S.Djumamuradova esa 500 AQSh dollarini yashirgancha olib chiqishga uringani haqida xabar berilgan edi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Top