01:37 / 02.05.2017
5015

Parijdagi namoyishlar vaqtidagi tartibsizliklarda 6 politsiyachi jarohat oldi

Foto: RIA "Novosti"

Parijdagi 1 may namoyishlari davomida yuz bergan tartibsizliklar oqibatida jarohat olgan politsiyachilar 6 nafarni tashkil qilmoqda, ulardan 2 nafarining ahvoli jiddiy. Bu haqda Fransiya ichki ishlar vazirligi xabar bermoqda. 

"Parijdagi 1 may namoyishlari professional buzg‘unchilar ishtirokidagi kuchli to‘qnashuvlarga aylandi. Bu kimsalarning yagona maqsadi huquq-tartibot idoralariga hujum qilish, politsiyaga zarar yetkazish, hamma yoqni vayron qilish bo‘lgan", deb aytdi vazir Mattias Fekl.

Uning aytishicha, ayol politsiyachilardan biri maxsus moslama portlashi oqibatida qo‘lidan jiddiy jarohat olgan, yana bir politsiyachi yonuvchi aralashmali shisha idish alangalanishi oqibatida yuzidan kuyish jarohatlari olgan. Ularning ikkisi ham shifoxonada bo‘lib, Fekl ular yoniga tashrif buyurmoqchi.

Fekl osoyishta namoyishlarga rahna solgan bezorilarni qoraladi va politsiyachilarga minnatdorchilik bildirdi. Vazirning aytishicha, aynan ularning professionalligi va sovuqqonligi sababli bezorilarni qurshovga olib, zo‘ravonlikni to‘xtatishga erishilgan.  

Parijdagi namoyishlarda 30 mingga yaqin odam ishtirok etgan. Namoyish boshida yuzini yashirib olgan bir guruh bezorilar paydo bo‘lib, politsiyachilarni haqoratlab, ularga petarda va yonuvchi aralashmali shisha idishlar uloqtira boshlashgan. Bezorilar shuningdek do‘konlar peshoynalarini sindirishgan, avtobus bekatlarini vayron qilishgan, devorlarda bo‘yoq bilan turli yozuvlar qoldirishgan. Politsiya ularga nisbatan bir necha marotaba ko‘zni yoshlatuvchi gaz qo‘llashga majbur bo‘lgan. 

Mavzuga oid
Top