22:40 / 03.05.2017
7069

Misrda surbet savdogarlar uchun jarimalar joriy qilindi

Foto: Fayed El-Geziry / Zumapress / Globallookpress.com

Misrda sayyohlarga o‘z mahsulotini taklif qilib, holi joniga qo‘ymaydigan suvenir sotuvchilari jarimaga solinadigan bo‘ldi. Mamlakatning qadimiy obidalar va madaniy meros bo‘yicha vaziri Xolid Al-Ananiyning so‘zlariga ko‘ra, 3 may kuni mamlakat qonunchiligiga shunday tuzatish kiritilgan. Misrning youm7 yangiliklar portali shu haqida xabar berdi.

Al-Ananiyning ma'lum qilishicha, arxeologik qazilmalar hududlarida sayyohlarni ta'qib qilgan savdogarlar 10 ming Misr funtigacha (552.21 dollargacha) bo‘lgan qiymatda jarimaga tortiladi.

Bundan tashqari, vazir noqonuniy arxeologik qazilmalar va madaniy meros savdosi uchun beriladigan jazolar yanada kuchaytirilishini ta'kidladi. Qonunbuzarlar hatto bir umrlik qamoq jazosiga ham hukm qilinishi mumkinligi ma'lum qilindi.

Top