O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017/2018 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalariga qabul to'g'risida”gi qarori chiqdi. Unga ko'ra, O'zbekiston OTMlariga 2017/2018 o'quv yilidan boshlab oshirilgan shartnoma stavkalari bo'yicha talabalar qo'shimcha tarzda qabul qilishga ruxsat berildi.

Qo'shimcha qabul uchun kvotalar miqdori O'zbekiston ta`lim muassasalariga qabul qilish bo'yicha Davlat komissiyasi tomonidan o'rnatiladi. Bunda oliy ta`lim muassasasi salohiyati va ta`lim yo'nalishidan kelib chiqiladi.

Qo'shimcha qabulda oshirilgan stavka bo'yicha shartnoma miqdori abituriyentlar tomonidan yig'ilgan balldan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qo'shimcha qabul o'tish ballarini yig'a olmagan (kamida 68 ball) abituriyentlar navbatiga qarab qat`iy tarzda amalga oshiriladi, bunda ularning oshirilgan stavka bo'yicha shartnomani to'lay olish imkoniyati hisobga olinadi.

2017/2018 o'quv yilida bakalavriat uchun o'qishga qabul qilish umumiy kvotasi 66316 kishini tashkil etmoqda (o'tgan yili — 57907), xususan, davlat granti bo'yicha - 18194 va to'lov-shartnomasi asosida - 48122. Magistratura uchun raqam 5000 ga teng, grant bo'yicha – 1556 va pulli asosda - 3444.

Ishlab chiqarishdan uzoqlashmagan holda maxsus sirtqi bo'limlarda ta`lim olish uchun Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 100, davlat granti bo'yicha – 15 va to'lov-shartnomasi asosida - 85, Navoiy davlat konchilik instutida – to'lov-shartnomasi asosida 90 kishi va Toshkent temir yo'l transport muhandislari institutida – to'lov-shartnomasi asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash ko'zda tutilgan.

Joriy o'quv yilidan boshlab yuqori malakali tibbiy kadrlarga ehtiyoj bo'lgan mintaqalar uchun tibbiyot yo'nalishidagi oliy ta`lim muassasalarida davlat grantlari bo'yicha bakalavriat bo'yicha mutaxassislar tayyorlash uchun manzilli qabul kvotasi tasdiqlandi.  

Joylardagi davlat hokimiyati organlari, shuningdek, vazirlik va idoralar – kadrlarni manzilli tayyorlash buyurtmachilariga – oliy ta`lim bitiruvchilarini ishga joylashtirishni ta`minlash bo'yicha majburiyat yuklatildi. 

Avvalroq O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 20 apreldagi “Oliy ta`lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori bilan bakalavriat va magistraturaga qabul kvotasi 18 foizga oshirilishi haqida xabar bergandik.