18:02 / 05.05.2017
22710

Dunyodagi eng og‘ir vaznli ayol Abu-Zabi shifoxonasiga keltirildi (video)

Foto: khaleejtimes.com

Dunyodagi eng og‘ir vaznli ayol hisoblangan Imon Abdul Atiy payshanba kuni soat 21:30 da Abu-Zabi xalqaro aeroportiga yetib keldi. Bu haqida Gulf News'da xabar berildi. 

Ayni paytda bemor Burjil shifoxonasida uzoq muddatli jismoniy va ruhiy reabilitatsiya muolajalarini o‘tamoqda. 

Manbaga ko‘ra, Imon BAAdagi Burjil shifoxonasiga o‘tkazilgan bo‘lib, klinika uni davolash uchun zarur tajriba va bilimga ega. 

U Mumbaydagi Sayfiy shifoxonasidan tibbiy yo‘l bilan evakuatsiya qilindi. Bemor Hindistonda vaznni kamaytirish bo‘yicha jarrohlik operatsiyasini boshidan o‘tkazgan va undan keyingi davolash muolajalari uchun Abu-Zabi shifoxonasiga yetkazilgan. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, Abdul Atiy Mumbaydan EgyptAir yuk samolyotida parvoz qilgan. Opasining aytishicha, Imon Abu-Zabida ekanligidan juda xursand.

Ta'kidlash joizki, 36 yoshli bemor Abdul Atiy joriy yilning 10 fevralida maxsus jarrohlik amaliyoti uchun Hindistonga yetkazilgan edi. 7 mart kuni u bariatrik operatsiyani boshdan kechirdi.

Top