16:13 / 05.05.2017
7133

Erondagi prezidentlik saylovi jarayonlarining ayrim jihatlari

Foto: Sott

Eron Islom Respublikasi 2017 yil 19 mayda belgilangan navbatdagi prezidentlik saylovlari arafasida turibdi. Umumxalq ovoz berish yaqin qolgani sari Eronning ikki siyosiy guruhi – konservatorlar va reformatorlar o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash yanada keskin tus olmoqda.

Bu galgi saylovlar ham Eronning kelajagi uchun muhim ekani aytilmoqda. Xo‘p, nima uchun O‘zbekiston, mintaqa va dunyo uchun Erondagi saylovlar muhim?

Avvaliga Eronning Yaqin Sharq mintaqasidagi yetakchi davlatlaridan biri ekanini yodga olish kerak. Mamlakatning yadro dasturi bor va Iroq hamda Suriyadagi shialar boshchiligidagi hukumatni qo‘llab-quvvatlab keladi. Dunyoning yetakchi davlatlari Eronni mintaqadagi muammoning bir qismi va shu muammoning yechimi ham deb e'tirof etishadi. Bularning bariga Eronda prezidentlikka kim kelishi ta'sir qiladi.

Hozirda Eron siyosatida qudrat talashish ikki kuch – reformatorlar va konservatorlar o‘rtasida kechmoqda. Boshqa tomondan saylov natijasi va kim prezident bo‘lishi mamlakat ichki va tashqi siyosatida tub o‘zgarishlarga sabab bo‘lmaydi. Chunki asosiy hokimiyat mamlakat Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy qo‘lida jamlangan.

Ammo shuni ham yodda tutish kerakki, tahlilchilar tomonidan hozirgi prezident Ruhoniy mo‘'tadil va islohotchi siyosatchi deb ko‘riladi, aynan u Oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiyni tarixiy sanalgan yadro dasturi kelishuviga ko‘ndirgan edi.

28 aprel kuni Eron prezidentligi lavozimiga oltita nomzod o‘rtasida «Irib TV1» milliy telekanalida birinchi munozaralar bo‘lib o‘tdi. Ushbu munozara uch soatga yaqin davom etib, unda ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bahslarning asosiy mavzusiga aylandi.

Prezidentlik saylovi kampaniyasi a'zolarining birinchi uchrashuvi arafasida tomoshabinlar amaldagi prezident Hasan Ruhoniy va uning asosiy raqibi Eronning sobiq bosh prokurori konservativ Ibrohim Raisiy o‘rtasida qizg‘in bahs bo‘lishini taxmin qilishgandi. Lekin bu bahs sodir bo‘lmadi.

Ruhoniy kutilgan umidlarni oqlamadi. U sekin va umumiy iboralar bilan gapirdi, chiqish qilish uchun taqdim etilgan vaqtdan unumli foydalanmadi. 

Uch nomzod – Eronning sobiq sanoat vaziri Mustafo Hoshimiy-Taba, Ibrohim Raisiy va sobiq madaniyat vaziri Mustafo Mirsalim Ruhoniy hamda Jahongiriylarning Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining iste'fodagi qo‘mondoni, Tehron hokimi Muhammad-Boqir Qolibofga qarshi bahsi soyasida qolib ketishdi.

Munozaralar paytida Ibrohim Raisiy Mahmud Ahmadiynajod ruhida populistik ritorikani saqlab turdi va asosiy urg‘uni ijtimoiy adolatga berdi. Ammo, iqtisodiy masalada u hukumatning amaldagi siyosatiga muqobil variant ilgari surmadi. Eron tahlilchilari va OAVlari bu jihatni uning muzokalardagi asosiy kamchiligi deb baholashdi. U o‘z xarizmasini ko‘rsata olmadi. Endi savol tug‘iladi: Raisiy Ruhoniyga jiddiy qarshilik qila oladimi? Endilikda konservatorlardan asosiy nomzod bo‘lgan Ibrohim Raisiy, hatto, uning tarafdorlari ham Ruhoniyga jiddiy qarshilik qila olishiga shubha bilan qarashmoqda. 

Tehron hokimi Muhammad-Boqir Qolibof o‘z saylov kompaniyasini Ruhoniyning 2013 yildagi saylovoldi va'dalarini eslatib, hukumatni tanqid qilish ruhi asosiga qurmoqda. Uning asosiy shiori «so‘z hukumatidan ijro hukumatiga o‘tish» bo‘lib, telemunozaralar mobaynida u asosan Ruhoniy bilan bahs yuritdi. Shahar hokimi ishsizlik va iqtisodiy tanglikka urg‘u berib «4 foiz 96 foizga qarshi», ya'ni aristokratiya kambag‘alga qarshi formulasini ilgari surdi. Muhammad-Boqir Qolibof uchun bu saylov prezidentlik lavozimini egallash uchun oxirgi imkoniyat, bu uning uchinchi prezidentlik saylovi kampaniyasi hisoblanadi.

Eron siyosiy tahlilchisi Hasan Rasuliyning «Entekhab» portaliga bergan bayonotiga ko‘ra, Muhammad-Boqir Qolibofning chiqishi va Ibrohim Raisiyning birinchi munozaralarda ko‘zga yaqqol tashlanmasligi konservativ kuchlar strategiyasiga asoslanadi. Hozirda konservatorlar Qolibofning reytingini oshirishmoqchi, keyin esa uni Raisiy foydasiga nomzodligidan voz kechishga ko‘ndirishmoqchi ekanligini ta'kidlaydi siyosiy tahlilchi.

Hasan Ruhoniy, Mahmud Ahmadiynajod, Ibrohim Raisiy
Foto: Forbes

Kutilmaganda Eronning birinchi vitse-prezidenti Ishoq Jahongiriy munozaralarning asosiy yulduziga aylandi. OAV va tahlilchilar uning rolini Ruhoniyning «yashin qaytargichi» va «spoyler nomzod» (g‘alabaga imkoni bo‘lmasa-da, o‘z raqibi g‘alabasiga ham yo‘l qo‘ymaydigan nomzod) deb qarashmoqda. Ammo, u o‘zini vazmin va sovuqqon tutdi, hukumatni tanqid qilib berilgan savollarga statistik ma'lumotlarga tayanib dadil javob berdi. 

Qolgan 5 nomzoddan farqli ravishda, Jahongiriy real ish yuzasidan gapirdi. U Qolibof bilan yuzma-yuz qarshilikka bordi.

Jahongiriy barcha nomzodlardan ko‘ra dadil ko‘rindi. Munozaralardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda uning tarafdorlari sonining birdan o‘sishi hayratlanarli emas. Twitter sahifasida Jahongiriyni asosiy nomzod sifatida Hotamiy ma'muriyatining boshlig‘i – Muhammad Ali Obgohiy, Eron davlat teleradiokompaniyasi yetakchisi Vohid Imoniy va boshqa jurnalistlar qo‘llab-quvvatlashgan. Bu borada kinoyali gaplarni esa birinchilardan bo‘lib Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga yaqin axborot agentligi «Tasnim News» tarqatdi.

Konservativ OAVlar birinchi vitse-prezident emas, balki Ruhoniy o‘z nomzodligini olib tashlashi mumkin degan kinoyalarni qilishni boshlashdi.

Shu bilan birga, konservativlar orasida katta rolni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi o‘ynaydi. Fevral oyida konservativ qanotning o‘n nafar a'zolari yagona nomzodni aniqlash maqsadida Islom inqilobi xalq frontini tuzishgandi.

Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi saylovlarda konservativ fraksiyaning g‘alabasi uchun og‘zaki tarafdorlik bilan cheklanib qolmay, real harakatlarni ham amalga oshirmoqda. Jumaladan, so‘nggi oyda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi razvedka xizmati amaldagi hukumat va prezidentni qo‘llab-quvvatlovchi bir qator jurnalistlar va sun'iy yo‘ldosh kanallari rahbarlarining 12 nafarini qamoqqa oldi. Ba'zi jurnalistlarga esa qamoqqa olish bilan tahdid qilindi.

Majlis deputatlari harbiy tuzilmaning bunday harakatlaridan g‘azablanishganini bildirishgan. Parlamentdagi «Umid» reformatik fraksiyasining to‘rt a'zosi prezident Hasan Ruhoniy nomiga xat yozib jurnalistlarni ozod etishni so‘rashgan. Tehron vakili Muhammad Sodiqiy esa prezident Ruhoniy ochiq xat bilan chiqib bu masalani hal etishni iltimos qilgan. Sodiqiyning xabar berishicha, hukumatni yoqlab chiqqan islohotchi ruhidagi jurnalist va kanal direktorlarigina qamoqqa olingan, konservativ ruhdagi kanallar esa o‘z erkin tashviqotini davom ettirishmoqda.

Bundan tashqari, prezident Hasan Ruhoniy ham Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining saylov jarayonlariga aralashayotganligini tanqid qilib, Korpusning asosiy vazifasi xavfsizlik va tinglikni ta'minlash ekanligini ta'kidlab o‘tdi

Ruhoniy va Raisiyni saylov kampaniyasi yetakchi nomzodlari sifatida ko‘rilgan bashoratlar o‘zini oqlamadi. Reformatorlar tomonida noaniqlik hukmron.

Ammo, Eron parlamentining «Umid» reformatik fraksiyasi rahbari Muhammad Rizo Orif «ISNA» agentligiga ma'lum qilishicha, Ruhoniy yoki reformatorlarning boshqa nomzodining holati ancha yaxshi, va u birinchi turning o‘zidayoq saylanadi. Nomzodlarning ko‘pligi konservatorlar foydasiga emas.

O‘z o‘rnida Raisiy qo‘llab-quvvatlab turgan kuchlar ham uning pozitsiyasini mustahkamlashga qaror qilishdi. Qum ilohiyot o‘qituvchilari jamiyati tarkibiga kiruvchi oyatulloh Muhammad Mehdi Faqihiy sobiq prokuror nomzodligini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qilgan. Faqihiyning so‘zlariga ko‘ra, 28 aprelda bo‘lib o‘tgan tashkilot yig‘ilishida a'zolarning ko‘pchiligi Raisiyga ovoz bergan. Shu sababli prezidentlik saylovlarida ham ular uning nomzodini yoqlashlarini ma'lum qilishgan. Eronning siyosiy va ijtimoiy hayotida muhim rol o‘ynovchi yana bir tashkilot – «Kurashuvchi ma'rifat jamiyati» hali nomzod borasida o‘z qarorini bildirmagan. Bu ikki tashkilotning fikri nomzodning saylovlarda g‘alabasini kafolatlashi mumkin.

«Entekhab» portali o‘tkazgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, birinchi tur munozaralari Ruhoniy-Jahongiriy birligi g‘alaba qozongan. Ular uchun 84 foiz portal foydalanuvchilari ovoz bergan. Qolibof-Raisiy birligi esa 13 foiz, qolgan nomzodlar esa atigi 3 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘lishdi. Internet-saylovda 25,5 ming kishi qatnashgan. 

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, Erondagi prezidentlik saylov oldi jarayonlari qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Mamlakat prezidentligiga 6 nafar nomzod kurash olib borayotgan bo‘lib, ular ikki siyosiy kuch – reformatorlar va konservatorlar guruhlariga ajralgan. Tahlil natijalari esa reformatorlar guruhidan bo‘lgan amaldagi prezident Hasan Ruhoniyning ikkinchi muddatga qayta saylanish imkoniyati yuqoriligini ko‘rsatmoqda. Ammo, shuni unitmaslik kerakki, Erondagi oliy hokimiyat Oliy rahbar oyatulloh Ali Xomanaiy boshchiligidagi konservativ ruhoniylar qo‘lida jamlangan. Bu esa konservatorlar guruhining ham ushbu saylovlarda imkoniyatlari past emasligidan dalolat beradi.

A.Muzaffarov,
mustaqil tadqiqotchi 

Top