16:45 / 05.05.2017
9993

Gaz bo‘lmasa ham qarz bor: Yangiqo‘rg‘onda deputatlar aholi bilan muloqot o‘tkazdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, fuqarolarning turmush sharoitlarini o‘rganish, joylarda mavjud muammolarni aniqlash va hal etish choralarini ko‘rish, bu borada parlament nazorati samaradorligini kuchaytirish maqsadida joriy yilning 1 may kunidan boshlab hududlarda aholi bilan uchrashib, jonli muloqotlar o‘tkazishga kirishdi.

2017 yilning 1-2 mart kunlari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruhi Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida ish boshladi. Bevosita uyma-uy yurib uchrashuvlar o‘tkazishga kirishildi. Keyin esa tegishli sohalar faoliyati ham savolnoma asosida o‘rganib chiqiladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Yangiqo‘rg‘on tumanida aholi bilan muloqot o‘tkazishga kirishdilar. Masalan, Qonunchilik palatasi deputati Ibrohim Hojiyev “Birlik”, “Tinchlik” va “Xadikent” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarda bo‘ldi. Uchrashuvlar davomida qariyb yuzga yaqin fuqarolar bilan suhbatlashildi. Ular bildirgan fikrlar, taklif va mulohazalar o‘rganildi.

Xususan, “Birlik” mahallasida yashovchi Muhabbat Parpiyeva mahalla fuqarolar yig‘inini hududida 3-4 yildan beri tabiiy gaz bo‘lmasada, “Vodiygazta'minot” unitar korxonasi Yangiqo‘rg‘on tumangaz filiali tomonidan hududdagi xonadonlarga 98,0 mln so‘m qarzdorlik hisoblanganidan shikoyat qildi. Masalaga oydinlik kiritish va yuqoridagi muammoni hal etish uchun “Vodiygazta'minot” unitar korxonasi Yangiqo‘rg‘on tumangaz filiali rahbariga havola etildi. U tez kunlar ichida ijobiy yechimini topadigan bo‘ldi. Mavjud yer osti quduqlarini ta'mirlash va yangi artezanlarni ishga tushirish orqali hududdagi ichimlik suvi muammosini bartaraf etish masalasida murojaat qilgan O‘zak-Zarbuloq suv iste'molchilari uyushmasi rahbari Latif Arolovning murojaati ham tuman hokimligining mas'ul rahbarlariga hal etish uchun taqdim etildi.

“Birlik” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat ko‘rsatuvchi “Azamatagroko‘mak” agrofirma rahbari Isroilov Azamat qo‘ygan muammoning yechimini topish vazifasi esa nazorat ostiga olindi. Mazkur agrofirma hududdagi aholiga chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik, bog‘dorchilik, limon ko‘chatlarini bilan yetishtirish, saqlash, parvarishlash, yetkazib berish kabi faoliyat bilan shug‘ullanish maqsadida tashkil etilgan. Bugungi kunda mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi tomonidan yuqoridagi faoliyat turlari bilan shug‘ullanish istagini bildirib agrofirmaga murojaat qilgan. Agrofirma tomonidan “Agrobank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank”larning tuman filiallariga 55 ta fuqaroning kredit xujjatlari to‘liq rasmiylashtirib topshirilganiga qariyb ikki oy bo‘layotgan bo‘lsa-da, tijorat banklari tomonidan turli xil sabab va bahonalar bilan paysalga solib kelingan. Deputat bu masalani daxldor tashkilotlar bilan birgalikda o‘rganib chiqish hamda tegishli vazirlik va idoralarga “Deputat so‘rovi”ni yuborishga va hal etishga va'da berdi.

“Tinchilik” mahallada yashovchi Ortig‘on Norboyeva va Chinibek Anvarov ishchi guruh a'zolari oldiga suyultirilgan gaz ballonlarini yetishmasligi qo‘ydi. Ularga “Vodiygazta'minot” unitar korxonasining Namangan viloyati filiali tomonidan tumanga yetkazib berilishi va ta'minlanishi tushuntirildi. Bu masalani oxiriga yetkazishni “Vodiygazta'minot” unitar korxonasi Yangiqo‘rg‘on tumangaz filiali rahbari Otabek Ubayev zimmasiga oldi.

Hududlarda deputatlar va senatorlarning aholi bilan muloqotlari, joylarda aniqlangan muammolar o‘rganilishi davom etmoqda.

Top