00:03 / 05.05.2017
11365

«Irkut» korporatsiyasi MS-21 samolyotining birinchi parvoz nusxasini ishlab chiqardi

Foto: TASS

Rossiyaning yangi tor fyuzelajli MS-21 samolyoti yig‘ish sexini tark etdi va sinovlarga to‘liq shay. Samolyotni ishlab chiqargan «Irkut» korporatsiyasi vakili RIA «Novosti»ga samolyot to‘liq yig‘ib bo‘lingani va endi mutaxassislar uning birinchi parvoziga hozirlik ko‘rishayotganini bildirib o‘tgan. Parvozni sinovdan o‘tkazish muddati hozircha aniq emas, lekin juda tez kunlarda bo‘lib o‘tishi mo‘ljallanmoqda.

Yangi layner o‘rta masofalarga yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan. Kutilishicha, MS-21 Boeing-737 va Airbus A320 uchun munosib raqobatchi bo‘ladi, biroq undan foydalanish shu sinfdagi boshqa samolyotlarga nisbatan arzonroqqa tushadi. «Irkut» mutaxassislarining fikricha, aviakompaniyalar MS-21 dan foydalanishsa har bir samolyotdan yiliga 1 million dollargacha iqtisod qilishlari mumkin ekan.

Foto: TASS 

Laynerning sig‘imi 150 dan 211 yo‘lovchigacha mo‘ljallangan. Samolyot zamonaviy bort tizimlari bilan jihozlangan, aviasozlik sohasidagi eng so‘nggi yangiliklar qo‘llanilgan va yangi turdagi dvigatellar bilan ta'minlangan. Bunday sinfdagi samolyotning qanotlarini yasashda ilk marta kompozit materiallardan foydalanilgan. Vaqt o‘tishi bilan MS-21 to‘liq eski sovet samolyotlarni o‘rnini egallaydi.

Foto: TASS 

Korporatsiya allaqachon 175 ta samolyotga buyurtma olgan, ayni paytda yana 100 ta mashinani yetkazib berish borasida muzokaralar olib borilmoqda. Dastlabki samolyotlarni «Aeroflot» aviakompaniyasi qabul qilib oladi — samolyotni seriyali ishlab chiqarish esa 2018 yildan boshlanadi.

Mavzuga oid
Top