15:54 / 05.05.2017
33772

«Qulagan devorni suvash» - «Oltin qalam» mukofoti kimlarga nima uchun berilmoqda?

Foto: nuz.uz

3 may kuni «Turkiston» saroyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ta'sis etgan «Oltin qalam» XII Milliy mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bu yilgi «Oltin qalam» tanlovida 520 jurnalist 9 ming 500 ga yaqin materiali bilan qatnashdi. Bosh Milliy mukofotga «Tafakkur» jurnali tahririyati sazovor bo‘ldi. G‘olib jamoa maxsus diplom, «Oltin qalam» ko‘krak nishoni, statuetkasi va mamlakatimizda belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi. Internet jurnalistika yo‘nalishida qatorasiga ikkinchi yil «Kun.uz» muxbiri sovrindor bo‘ldi

«Oltin qalam» XII mukofoti uchun xalqaro tanlov g‘oliblari va sovrindorlari

Bu yilgi taqdimotdan keyin jamoatchilikda tanlovning o‘tkazilishi tartibi ko‘pdan-ko‘p e'tirozlarga sabab bo‘lmoqda. 

Taniqli jurnalist Sanjar Saidning «Oltin qalam-2017» kimlarningdir shaxsiy tomorqasiga aylangan tanlov bo‘lib qolgani haqidagi keskin fikrlari ortidan boshqa bir nomdor jurnalist Behzod Qobulov bu mavzuga ancha bosiqlik bilan atroflicha to‘xtaldi.

Behzod Qobulov internet jurnalisti ham hisoblanib, «Kun» saytida «O‘qituvchiga osilmagan sen qoluvding o‘zi!», «Jurnalistlar uchun yashil chiroq yondimi?», «O‘rta Chirchiq dehqon bozori»da: Tartibsizlik, terminal muammosi va muxbirni sotib olishga urinish», «Chempion-2016. Bekobod shamoli Braziliyada esdi» va «O‘qituvchi yon daftaridan: Milliy g‘oya fanini o‘qitishda yangicha yondashuv» kabi maqolalari nashr etilgan.

Uning «Mezon» sarlavhasi ostidagi navbatdagi maqolasida «Oltin qalam» mukofoti kimlarga nima uchun topshirilayotgani haqidagi mulohazalari bayon etilgan. U  ko‘pchilik tili uchidagi, dilidagi gaplarni yozgan. Bir so‘z bilan aytganda jurnalist jurnalistikada vijdon tushunchasini saqlab qolishga chaqiradi. Quyida ushbu post o‘zgartirishlarsiz keltiriladi:

Avvali
Hammasini qaytarib o‘tirmayman: o‘sha mukofot haqida soz-nosoz gaplar ko‘paydi. O‘zimga savol beraman: e'tirozlar haqlimi? Shu, shu va shu gaplar rostmi?.. Bo‘layotgan gap-so‘zlarga ko‘ra, vaziyat shundayki: bilganlarning og‘zida talqon, biz kabi bilmasvoylar soldi to‘polon. “Xo‘sh, bu mukofot haqida nimalarni bilasan o‘zi?” deya o‘zimga savol berdim. Keyin ushbuni yozdim...

Boshlamada aytishim kerak: “Oltin qalam”ga har yili, asosan oila a'zolarimning qistovi bilan hujjat topshiraman. Ular televideniyedagi dabdabali, odamni kurashlarga chorlaydigan da'vatkor reklamani ko‘rishadi va hech bo‘lmasa, jurnalistikada adolat borligiga negadir qattiq ishonishadi. Men esa ularga bu mulohazaning ziddini uqtira olmayman, bor gapni aytishga tilim bormaydi.

Aytgancha, topshiraman, deyishim xato, hech qachon o‘zim borib hujjat topshirmaganman. Ayolim qiladi bu ishlarni. Materiallarimni erinmay yig‘adi, saralaydi va h.k. Bu gal o‘zim topshirdim. Kutganimdek, mukofot olmadim. Bilamanki, bu mukofotga ega chiqish uchun pishiq-puxta maqolalarning o‘zi yetarli emas. To‘g‘ri, mutloq umidsiz emasdim. Biroq, quruq seriya davom etishini taxmin-u tusmol qilardim, galdagi mag‘lubiyatga o‘zimni ruhan tayyorlab borardim.

Bilasizmi-yo‘qmi, tanlov shartlari, saralash usullari antiqa. Geografiya, jins, millat, til va h.k. Taniqli publitsist Abduqahhor Ibrohimov tanlovga hujjat topshirganda, yig‘ma jildni yelimlab qo‘ygan ekan. Mukofot tegmagach, o‘sha jildini qaytarib olib ketishga kelganda ko‘rsaki, uning materiallari hatto ochib ko‘rilmagan, yelimlangan holida turgan ekan!.. Demoqchimanki, mening ishlarim ham aqalli ochib ko‘rilmaganiga ishonaman. Chunki, bu yil ancha “shakkok”lik qildim. Yurtimda katta o‘zgarishlar boshlanganda, jurnalistlarga o‘z mavqeini tiklash uchun tarixiy vaziyat yetilgan bir sharoitda, Tohir Malik iborasi bilan aytganda, “pista qilib” o‘tirmadim. Xususan, O‘zA, TVdagi ayrim nuqsonlar, kulgiga loyiq harakatlar haqidagi ba'zi mulohazalarim, dadillikni yanada kuchaytirish haqidagi takliflarim, agarchi OAV rivoji, so‘zning mutaborak maqomi yo‘lida izsiz ketmagan bo‘lsa ham, kimlarningdir qitiq-patiga tekkanini tusmol qilardim. Ehtimol, ong osti (podsoznaniye) ichki bir o‘jarlik bilan g‘irrom mukofotlarga qarshi shu tarz isyon qilgan, fikrimni ochiq aytishga majburlagandir. Tasavvur qilingki, bir ishni bajarsangiz ijtimoiy-siyosiy rag‘bat olasiz, bajarmasangiz vijdon huzurda bo‘ladi. Bu ishning nomi jim turish edi. Ming shukrki, men jim o‘tira olmadim. Buning evaziga vijdonim bilan xoli qolganimda mukofotlardan-da ziyoda mukofot olaman – “Sen zo‘rsan, mag‘rursan, ikki ko‘zingni mo‘ltiratib “tepa”ga tikilmaysan, birovga yoqish, ochko olish ilinjida yozmaysan, yaltoqi emassan!” deydi u. Ziyoli va ijodkor odam uchun o‘ziga o‘zi chiqargan hukm, bahodan ziyoda baho yo‘qligini tushungan-tushunadi.

Bu gaplarni aytishdan murod shuki, hech kimda so‘zlarimning mutlaqo samimiy ekaniga shubha bo‘lishini istamayman. Quyida nomlari keltiriladigan do‘stlarda ham, tanlov hay'atidagi tanishlarda ham. Ular bilib qo‘yishlarini istardimki, menda alamzadalik kayfiyati yo‘q. Fikrlarim mukofot olganlarga nisbatan e'tiroz emas, saralash mexanizmining tanqidiy tahlili, xolos.  

Bosh milliy mukofot
Joriy yil bu mukofot ardoqli jurnalimiz – “Tafakkur”ga berilganida qanday mantiq bor? Jurnalni muntazam kuzatib boradigan ziyolilar bu xabarni eshitganida dastlab: “E, qoyil, haqli edi!” qabilida o‘ylaganmi yoki “Va nihoyat berishibdi-da, bor ekan-ku, adolat” deganmikan? Savolning javobini qalbingizga ko‘mib, gapning davomini eshiting.

Xo‘-o‘-o‘sh, bilganim shuki, “Tafakkur”ning eng zo‘r davrlari, darhaqiqat, har bir chiqishi jamiyat hayotida katta aks-sado bergan yillarini eslaysizmi? Adabiyotshunos Shuhrat Rizayevning ta'biri bilan aytganda, o‘shanda vatanimiz ziyolilari ikkiga: “Tafakkur”ni o‘qiy oladigan va o‘qiy olmaydiganlarga bo‘linar edi. To‘g‘ri, jurnal bugungi holida ham imlo va insho yuzasidan boshqalardan bir emas, ikki-uch qadam oldinda. Demoqchimizki, adolat taqozosiga ko‘ra, ularga bu mukofot allaqachonlar topshirilishi kerak edi. Darvoqe, Bosh muharrirning taqdirlash marosimida aytgan serma'no so‘zlarida ham baayni hodisaga, dunyoning ajab ishlariga taassuf bor edi. Demak, shunisi ayonki, “Tafakkur”chilarni mukofotlash, ya'ni “kechikkan izhor”ning kasriga, ayni shu yilda jonini jabborga topshirgudek ishlagan qaysidir qalamtutar diltang vaziyatda qolgan. U ehtimol sizdirsiz, balki boshqadir, muhimi vaziyat shunday, og‘aynilar.

Erkin A'zam – mard ijodkor. “Bu meninggina mukofotim” degan gapni aytmadi. Sahnaga jamoasi bilan ko‘tarildi. Jamoaviy mukofotni shaxsan o‘ziniki sanagan muharrirlarni ham ko‘rgan, ko‘p qatori “aning andog‘ qilg‘uliklarig‘a” kulib qo‘ya qolgan chiqarsiz. Qiyosan aytganda, Erkin A'zamdek shaxsiyati butun, irodasi metin ijodkorga atalmish rag‘batda kechikishdan bo‘lak jihat, g‘irromlik yo‘qligini hamma, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda alamnok yozayotganlar ham bilib, e'tirof qilib turibdi.

Shunga qaramay, ushbuni o‘qiyotganlarning vijdoniga havola qilib bir savol yo‘llayman: “Tafakkur”ga aynan shu yili Bosh milliy mukofot taqdim etilishi adolatdanmi? Yashirmay aytaman, mening javobim: “Yo‘q”. O‘tgan yillar, xizmatlar uchun beriladigan mukofotlar boshqa, davriylikdagi jonbozlik uchun beriladigan mukofotlar boshqadir.

Eslataman: “Oltin qalam” Milliy mukofoti har yili 31 martdan 31 martgacha bo‘lgan oraliqda e'lon qilingan materiallar uchun beriladi.

Matbuot
“Yosh kuch”ni o‘qiysizmi? Dangal ayting, ulardagi kreativlik, davr mohiyatini anglab, qoliplarni parchinlab so‘z aytish, haqiqatning ko‘ziga tikka qarash, shakl va mazmunni omixtalash yana qaysi nashrda bor? “Yoshlik”ni-chi, gohida o‘qib turibsizmi? Bu ixchamgina jamoa publitsistlarning yangi avlodini kashf, jalb eta olganiga nima deysiz? Goh-gohida yosh, jamoatchi publitsistlarni jamlab mavzu, yo‘nalish berib turadigan mamlakatimizdagi yagona nashr aynan “Yoshlik” ekanini bilasizmi, do‘stlar? Aytib qo‘yayki, bu jurnallarga aloqam yo‘q. “Yoshlik”da qachondir e'lon qilingan maqolam esa boshqa mavzuda. Publitsistlarning yangi avlodi deganda o‘zimni nazarda tutmadim. 

Yana mulohazada davom etamiz: bugungi “Jamiyat” gazetasining jur'ati yana qaysi nashrda bor? Davlat rahbarining har bir irodasini qadamma-qadam targ‘ib, tahlil, tafakkur qilayotgan shunday nashr bormi yana? Har chiqishida yuzga yaqin mavzuni qamrab olayotgan rasmiy gazeta ham ehtimol faqat shudir. Tanqid tig‘ini tahlilga qorishtirishda bayroqdor bo‘layotgan nashr ham “Jamiyat” ekanini o‘zaro gurunglarda ochiq-oydin e'tirof etamiz-ku! Ammo e'tiborga kelganda, vaziyat o‘zgarib qolibdi. Sababini bilasizmi? Chunki, gazeta yaqinda “E'tirof”ni olgan, vassalom. Tushuntirib bo‘lmaydigan qoidalarga ko‘ra, bitta gazetani, bordiyu u chindan ham shunga arzigan taqdirda ham, qayta va qayta e'tirof etish mumkin emas.

“Darakchi” degan gazetani sap-sariqqa chiqarib qo‘yganmiz. Lekin o‘ylab ko‘rilsa, ular kundalik hayotimizda nima bilan to‘qnash kelsak o‘shalarni yozadi. Sariq matbuot esa boshqa mavzu. Bizda sariq matbuot shakllanishi uchun vaziyat yo‘q hali. Ularning o‘quvchi topishga intilishini noxolis baholash tufayli gazeta rasmiy nazardan chetda qolib ketayapti. Bugun katta gazetalarda yangilik deya quloch-quloch maqolalar yozilayotgan mavzular allaqachon “Darakchi”da muhokama qilingan, tanqidiy-tahliliy materiallar turkumi chop etilgan bo‘lib chiqadi. Yaqin kunlarda, deylik, obuna masalasi kun tartibidan tushib, barcha nashrlarga tenglik taqdim etilsa, “Bor, o‘z aravangni o‘zing tort, majburiy obuna nimasi, shunday yozki, kerak bo‘lsa, odamlar gazetangni qidirib o‘qisin”, deyilsa, ishonamanki, boshqalar ham aynan “Darakchi”ning yo‘lidan boradi. O‘quvchi topish, jalb qilish uchun odamlarning tilidagi mavzularni ko‘taradi. Istaysizmi-yo‘qmi, kelajak shunday bo‘ladi. Majburiy obuna deganlari boqiy jarayon emas. Tobora umri tugab borayotgan voqelik.

Chori Latipov – ustozim, talaba yigitni “Mahalla” gazetasiga ishga jalb qilib, to‘g‘ri yozishni o‘rgatgan ilk ma'naviy rahnamom. Sirojiddin Sayyid o‘zbekning katta shoiri, ko‘p, juda ko‘p she'rlarini yod bilaman. Ammo bu mavzuda gap ketganda, ularga bo‘lgan shaxsiy simpatiyamni chetga surishga majburman: meni kechirsinlar.

Xullas, “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” va “Qishloq hayoti” nashrlariga mukofot taqdim etilganida esa avtoritet, jami xizmatlarni inobatga olish mexanizmi bosh rolni o‘ynaganiga shubham yo‘q. Ha, rost –  Chori Latipov va Sirojiddin Sayyid o‘zbek publitsistikasining atoqli siymolaridan. Biroq, ularning shu o‘tgan bir yil davomida gazeta ravishini yangilash, hozirjavoblik borasidagi xizmatlari inobatga olinib, mukofot berilganiga siz ishonavering. Men esa o‘z haqiqatlarim bilan qolaveraman.

Uyimda O‘zASning 15 yillik taxlamlari bor. Gazetani doim kuzatib boraman. Xolis aytganda, “Torning cho‘michdan farqi”, “Zalolatga dalolat qiluvchi kitoblar”, “Onam derman...”, “Adabiyot muallimi”, “Mutolaa san'ati”, “Mirzakarim va Mukarrama qissasi”, “Arqon solib uchar turnalar” kabi publitsistik (badiiy adabiyotga daxli bo‘lmagan demoqchiman) maqolalar chiqqan kechagi kunlarni eslaysizmi? Ishonishingizni istardimki, bu maqolalarning nomlarini xotiramdan yozayapman. Keyingi bir yillikda ana shunday esda qolarli maqola o‘qidikmi? Jo‘rabek Jahonning “Dilrabosan bunchalar Vatan” degan essesini eslayapman. Ehtimol, gazetachilikni tushunmay qolayotgandirman. Lekin boshqa biron maqola yodimga kelmayapti. Yodda qolmaydigan maqolalar sardaftarini mukofotlashda mantiq bormi? Bu o‘rinda gap adabiyotshunoslik, tanqidiy maqolalar emas, jurnalistik material, publitsistika haqida ketayapti.

Xullas, gazeta jamoasiga hurmatimni saqlagan holda aytamanki, aytaylik, O‘zAS ni keyingi o‘n yillik taxlamlarini varaqlab ko‘rsangiz, gazetaning eng zo‘r davrlari bu emasligini bilasiz. Yangi rahbariyat, yangi mualliflar jo‘rligida qaynayotgan gazeta sekin-asta mavqeini mustahkamlab borishi, kuchayishi turgan gap. Lekin:

Eslataman, “Oltin qalam” Milliy mukofoti har yili 31-martdan 31-martgacha bo‘lgan oraliqda e'lon qilingan materiallar uchun beriladi.

Internet jurnalistikasi
Bu mavzuda o‘ylaganimda dastlab, kimdir bilmoq uchun, kimdir bilinmoq uchun intiladi, degan fikr xayolimga keldi.
Uznet da ilgaritdan vaziyat shundayki, xalq jurnalistikasi boshqa, davlat jurnalistikasi boshqadir. Ijtimoiy tarmoqlarda, blogingda mashhur bo‘lganlar, dangal va tahliliy fikrlari bilan o‘quvchi to‘plaganlar bor. Internetdagi uz segmentida taxminan yigirmaga yaqin taniqli shaxslar, deylik, o‘z profiliga bitta gap yozsa ham kamida besh mingta odam qisqa vaqtda o‘qiydigan, munosabat bildiradigan mualliflar shakllandi. Men bunda og‘ziga kelganini alahsiraydigan, asossiz tanqid bilan odamlarni dovdiratayotganlarni emas, jo‘yali fikrlari bilan chiqayotganlarni nazarda tutayapman. Va ular bilinmoq uchun emas, nimanidir bilmoq, anglamoq, tushunmoq uchun yozadilar, fikr aytadilar.

Yana bir ochiq-oydin haqiqatni e'tirof etish kerakki, bugun nainki O‘zbekistonda, butun dunyoda ham ijtimoiy kayfiyatni shakllantirayotgan asosiy omil internetdir. Bugun gazetalar, radiolar, televideniye internetdan mavzu, material oladi. Achchiq haqiqat shuki, odamlarimizning OAVga bo‘lgan ishonchini internet jurnalistika ma'lum ma'noda qaytara oldi.

Agar OAV o‘z ishi bilan shug‘ullanganda, davlatimiz shuncha mablag‘ sarflab xalq qabulxonalarini ochmagan bo‘lardi. Odamlarning arzu dodini eshitadigan, davlat bilan xalq o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarishi lozim bo‘lgan biz jurnalistlar og‘ir iqtisodiy sharoitni o‘nglashga tirishayotgan davlatimizga rostmana yelka tutganimizda, ona O‘zbekistonning og‘riqlarini unutgancha, afsonaviy Susambil, yerdagi jannat haqida og‘iz ko‘pirtirmaganimizda xalq bilan muloqot bu qadar dolzarb ehtiyojga aylanmas edi. Kimdir ichida tan olar, kimdir oshkora, ammo fakt shuki, bugungi OAV ichida internet saytlari xalqqa eng yaqin ijtimoiy institutdir. Aynan internet jurnalistikasi odamlarning kayfiyatini boshqarayapti.

Xo‘sh, endi jarayonga boqaylik-chi, vaziyat qanday ekan?

Davlatimiz ta'sis etgan mazkur mukofotda ommaviylik bosh mezon emasligi aniqqa o‘xshaydi. Shunga ko‘ra, Jahon va O‘zbekiston milliy axborot agentligidan vakillar mukofot olganida mantiq bor. Boisi, ularning yozganlarini mukofot taqdirini hal qiladigan odamlar o‘qiydi.
Ammo...
Biz qaysi mukofot haqida gaplashayapmiz? Internet jurnalistikasi. Bu esa, kechirib qo‘yasiz, an'anaviy jurnalistika emas. Bu umuman boshqacha jarayon. Gazetalarga axborot uzatadigan agentlik tomonidan, gazetalarga moslab, turfa chig‘iriqlardan million marta o‘tkazib tayyorlangan maqolaning, kechirasiz-u internet jurnalistikasiga daxli yo‘q. O‘zA, "Jahon"da faloncha tilda axborot uzatiladi, uni butun dunyo o‘qiydi, degan gaplar esa muallifni internet jurnalistikasiga daxldor qilib qo‘yolmaydi. Xabarlar oqimi butun dunyoni qiziqtiradigan Xitoy emasmiz, hamma yoqni portlataman deb karillayotgan, shunga ko‘ra, mamlakatga doir eng kichik xabarlar ham ertasigayoq “Doyche ville”dan tortib “Nyu-York tayms”da ko‘rinish beradigan Shimoliy Koreya ham emasmiz. Gap shundaki, lotin tilida axborot uzatasizmi, esperanto tilidami, umuman olganda, bizning maqolalarimizga, ba'zi istisnolarni aytmasa, hozirgi paytda dunyoda faqat bitta toifa tayinli xaridor bor: o‘zbek va yoki o‘zbekistonliklar. Ularga axborotning arabcha, xitoycha, inglizcha matni u qadar qiziq emas, o‘zbek tilidagi maqolalarni ham topib o‘qiy oladilar. Chetdan turib bizning saytlarimizga tashrif buyurayotganlarning soni emas, salmog‘iga qarasangiz, dunyo kezib yurgan o‘zimizning qorako‘zlar bo‘lib chiqadi. 

Umid Yaqubovni yaxshi taniyman. Aqlli, mulohazali yigit. Yozish uslubiga ko‘ra, tahlilga, masshtabli tafakkurga moyil muallif. Ammo... Internet jurnalistikasi deganda muallifning, nomzodning internetdagi faolligi inobatga olinmaydimi?

Yana bir gap shuki, ba'zi mavzularda yozish uchun ma'naviy huquq kerak. Aytaylik, Sayyora Rashidova bilan taniqli bloger Jamshid Niyozov yoki sigmentning mashhur nomlaridan yana biri – Sanjar Said suhbat qilishga botina olmaydi. Respondent ham bunga ko‘nmasa kerak. Bunday mavzuni dastlab rasmiyroq nashrlar boshlab berishi kerak. Keyin boshqalar undan ruh olib, ishni davom ettiradi. Aytaylik, shunday emin bir kun kelganda taqdirda ham ularning suhbati, internet auditoriya uchun mo‘ljallanadi va umuman boshqacha rakursda, o‘ta qiziqarli, jonli suhbat tarzida kechadi. O‘qib maza qilasiz. Aytmoqchimanki, hozircha, bunday mavzularda yozish huquqi tanlangan nashrlarga va tanlangan odamlarga berilayapti. To‘g‘ri, bu kechagi kunlarning mantig‘i, lekin bor gap. Hali-hamon yiqilmagan devor. Bu mantiqdan kelib chiqsak, xalq jurnalistikasi – chinakam internet jurnalistikasi vakillarida sovrindor bo‘lishga hech qanday imkoniyat yo‘q... Shu kunlarda an'naviy tus olgan qoliplar parchalanib, jurnalistlar ovozi dadillashayotgan ekan, “tanlanganlar” sindromi ham barham topar. Ammo bir o‘qituvchi, qolaversa, jurnalist sifatida fikrim shundayki, barchada teng imkoniyat bo‘lishi kerak. Iste'dodga baho berayotganda alohida buyurtma bilan yozilgan maqolalar mezon sanalsa, kelgusi yili mtrk.uz  sayti xodimlari “‘Axborot’ni o‘z vaqtida internetga joylab borayotgani uchun” internet yo‘nalishida mukofotlansa, ajab emas. Chunki, bu juda zarur ishni boshqa hech kim qilmagan, qila olmagan bo‘lib chiqaveradi. Qoyilmisiz?

Umid Yaqubov uchun xursandman. Bu gaplarni yozayapman-u, u meni to‘g‘ri tushunarmikin, degan andisha, ishtiboh bor. Lekin uning o‘zi ham internet jurnalistikasidan ko‘ra, matbuot vakili ekanini yaxshi biladi, deb o‘ylayman.

Darvoqe, internet va jurnalistika haqida bir fakt. Adashmasam, 2014 yili edi. Ajoyib ijodkor, yaxshi hikoyalari, publitsistik maqolalari bilan og‘izga tushayotgan Akmal Jumamurodov “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovida internet yo‘nalishida rag‘batlantiruvchi mukofot oldi. O‘shanda u bilan bir jamoada ishlardik. Siz buni tasavvur qilolmaysiz: taqdirlashdan keyin Akmalni tabriklash uchun oldiga bordim. Lekin ko‘z-ko‘zga tushganda o‘rtamizda hijolatpazlik tug‘ildi. Chunki, u ham, men ham yaxshi bilardikki, Akmal Jumamurodov aslida gazetada e'lon qilingan maqolalari uchun  taqdirlangan edi. Gazetaning sayti esa, tushunganlar aytsin, OAV hisoblanmaydi. U gazetaning internet versiyasi hisoblanadi. Bunday vaziyatda, ya'ni elektron nashr sifatida ro‘yxatda o‘tmagan OAV vakiliga internet bo‘yicha mukofot taqdim etilishi taktik xod, ko‘ngilparastlik ekanini sezayotgandirsiz.

Xullas, o‘shanda “Baribir jamoamizdan bir yigit taqdirlandi-ku, yaxshi”, degan xulosani yasagandim. Ammo biz netib o‘zimizni shu tarz aldashlariga qoim qarab turaveramiz? O‘sha yili Akmal matbuot yo‘nalishida eng munosib nomzodlardan biri edi-ku! Nomzodning dilini og‘ritmaslik uchun boshqa yo‘nalishdan kimnidir chetga surib, o‘rniga boshqani tiqishtirishgan bo‘lsa, bundan xursand bo‘lishimiz kerakmi?.. Barchadan adolat talab qilayotgan jurnalistikaning o‘zida adolatning yechimi shunday bo‘ladimi, janoblar? Ehtimol, “geografik metod” taqozosiga ko‘ra, matbuot yo‘nalishi band bo‘lib qolgan bo‘lishi mumkin. Buni ham istisno qilib bo‘lmaydi.

Avvalgi mavzuga qaytib, shuni aytamanki, matbuot yo‘nalishi internet jurnalistikasi yo‘nalishiga chang solmasligi kerak, deb hisoblayman. Bu boshqa-boshqa janrlar, yo‘nalishlar. Matbuot – katta oqim, ulkan karvon ekanini nazarda tutib, bir yilda atigi uchta nomzodni saralash murakkabligini avvalroq o‘ylab ko‘rish kerak edi. Balki respublika nashrlari, viloyat nashrlari, tuman nashrlari kesimida rag‘batlantirish adolatdan bo‘lardi. O‘shanda mamlakatimidagi barcha respublika, viloyat va tuman gazetalarining xos raqobatiga guvoh bo‘lardik.

Aytgancha, o‘tgan yili “Buvayda ko‘zgusi” tuman gazetasi internet yo‘nalishida mukofotlangan. Tuman gazetasi, kunlik auditoriyasi ikki-uch ming nari-berisida bo‘lgan nashrni internet jurnalistikasi bo‘yicha taqdirlashlari ortidan uznet da istehzoli qahqahalar jaranglagani qoldi, xolos. Tanlov kulgiga qolgan.

Xullas, internet jurnalistikasi deganda, aftidan butun dunyo olimlari, mahalliy taqdqiqotchilar boshqa fikrda-yu, “Oltin qalam” milliy mukofoti hay'ati boshqa fikrda, shekilli...

Kun.uz sayti vakilining mukofot olishi esa adolatning xira jilvasi, xolos. Chunki, ushbu saytda, ko‘rib turibmiz axir, viloyat hokimlari bilan suhbatlar, tahliliy maqolalar peshma-pesh chiqayapti. Hali markaziy kanallarimizda viloyat hokimining qiyofasi jonlanmagan bir paytda bu sayt ana o‘sha yangilikka qo‘l urdi. Bu yangilik emasmi? Bu axir butun boshli loyiha-ku!

Rustam Rahimovni esa umuman tanimadim.

O‘tgan yili maydon.uz, championat.asia, anhor.uz, sof.uz, tafsilot.uz kabi saytlar yil davomida qanday tahliliy maqolalar e'lon qilmadi-ya... Birato‘la ikkita rag‘batlantiruvchi mukofotga loyiq ko‘rilgan anhor.uz nashrining zo‘rligini nega chet elliklar biladi-yu, biznikilar bilmaydi? Chunki, ikkita mukofot tayin bo‘lgach, uchinchisini ortiqcha deb bilishadi, boshqa birovini ko‘nglini olishga tirishadilar. E'tiboringiz uchun, dunyo bo‘yicha turli sohalarda bo‘layotgan taqdirlashlarga nazar tashlasangiz, bitta film, mahsulot, asar, ijodkor, loyiq bo‘lsa, bitta tanlovning o‘nlab nominatsiyalarida g‘olib chiqishi mumkin. Nimaga? Chunki, andishaning hisob-kitobi bo‘lmaydi u joyda.

Ehtimol ba'zi saytlar tanlovga hujjat taqdim etmagandir, lekin savol tug‘iladi: eng zo‘rlar uchun beriladigan mukofot ta'sis etilganmi yoki geografiya, shaxslar muvozanati, tushgan arizalarga ko‘ra taqdim qilinadigan mukofotmi bu? O‘zi, umuman, yilning eng faol, eng zo‘r jurnalistlarini aniqlash uchun, albatta, ulardan material yig‘ish kerakmi? Nima keragi bor bu qog‘ozbozlikning? Tanlov hay'ati tegishliligi bo‘yicha o‘zi material saralasa ma'qul emasmi?

Bilmadim, bilmadim... Bu savollar kecha yoki bugun tug‘ilgan emas. Bu savollar juda ko‘plarning tili uchida turgan bo‘lsa ehtimol. Aytgan gaplarim ham yangilik emas. Hammamiz biladigan eski gaplarni bir joyga jamlab chiqdim, xolos.

Aytgancha, “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi boshlandi. Marhamat, omadingizni sinab ko‘ring, aziz hamkasb! Omadingizni!..

Darvoqe...
Mukofot bir marta beriladi, takroran berilmaydi degan gap ham eskirgan, boz ustiga mantiqsiz. Zo‘r bo‘ling, ishlang, mehnat qiling, marhamat rag‘batini ham ko‘ring! O‘zi sifatli nashrlar, kuchli mualliflar noyob bo‘lib turganda, ularni bir zarb bilan safdan chiqarish adolatdan emas.

P/S. Tv jurnalistikasi, radio haqida bir nima deyolmayman. Anchadan beri Tv ko‘rmay qo‘yganman.  Faqat “Axborot” va “Davr”ni muntazam tomosha qilaman. Taqdirlanganlarni tanimadim ham. Nargis Qosimova, Sharofiddin To‘laganov kabi mualliflarni taqdirlanganlar safida ko‘rishdan xursand bo‘ldim.

Bilaman, aslida bu gaplar ommaga aytiladigan fikrlar emas. Baribir bu kabi chiqishlar kasbimizni el aro hurmatini ziyoda qilishga xizmat qilmaydi. Lekin, to‘g‘ri tushuning, aynan shu maqolamni istalgan nashr jon-jon deb qo‘limga qaytarib beradi. Jur'atlirog‘i yumshatib, qayta ishlab berishimni so‘rashi mumkin. Biroq buni istamadim. Tanish va qadrdon siymolardan rad javobini olishdek ko‘ngilsizlikni his qilgim kelmadi. Shu vajdan, o‘zgarishlarga muhtoj jurnalistikamiz haqidagi muhokamalarimni e'lon qilishga jur'atlandim.

Top