09:43 / 05.05.2017
17104

TIMI rektori: "Suv diplomatiyasini o‘rganuvchi fakultet ochish vaqti keldi"

Tadbir AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan MOHEM (Markaziy Osiyo hududiy ekologik markazi)ning “MA suv, ta'lim va hamkorlik” loyihasi doirasida tashkil etilgan.

2017 yil 2-4 may kunlari Toshkent irrigatsiya va melioratsiya institutida (TIMI) suv xo‘jaligi ekspertlari hamda Markaziy Osiy va Afg‘onistonning sohaga oid oliy o‘quv yurtlari ilmiy-pedagogik tarkibi ishtirokida almashinuv tur o‘tkazildi.

Turni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Afg‘oniston oliygohlari o‘rtasida pedagogik hamda ilmiy-metodik masalalar yuzasidan hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlarini o‘rganish, shuningdek, suv xo‘jaligi sohasining zamonaviy talablariga muvofiq ravishda malaka oshirish bo‘yicha TIMI tajribasini o‘rganish.

TIMI rektori, professor Muhammadxon Hamidov:

“Bugungi globallashuv sharoitida suv muammosini to‘g‘ri hal etish nafaqat bizning, yangi reallik sharoitida yashayotgan mintaqamiz – Markaziy Osiyo, balki butun sayyoramizning barqaror taraqqiyotini belgilovchi eng muhim omillardan biriga aylanib ulgurdi. Institutning suv muammolari bo‘yicha turli dasturlar doirasida olib borayotgan xalqaro hamkorlik faoliyatlarining ijobiy natijalariga asoslanib mintaqadagi hamkorlarimiz bilan birga TIMI qoshida suv diplomatiyasi sohasidagi ta'lim va tadqiqotlar bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi fakultet tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblaymiz”.

Tur dasturida suv resurslarini boshqarish muammolarni o‘rganishga ko‘p tomonlama yondoshuv ko‘zda tutilgan va u ham amaliy, ham nazariy qismlarni o‘z ichiga olgan. 

Mehmonlar o‘quv auditoriyalari hamda laboratoriyalar binolarida bo‘lishdi, o‘quv jarayoni hamda professor-pedagoglarning suvni samarali nazorat qilish masalalari bo‘yicha magistrantlar hamda doktorantlar ishtirokidagi ilmiy-tadqiqot ishlarining borishi bilan tanishishdi. TIMIning talabalari, magistr hamda doktorantlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, mehmonlar suvdan oqilona foydalanish bilan bog‘liq ilmiy faoliyat hamda innovatsion loyihalar bilan tanishishdi. Marketing, ilmiy-tadqiqot sektori, suv xo‘jaligi xodimlarining malakasini oshirish bo‘limlarida ham bo‘lishdi.

3 may kuni almashish turi qatnashchilari o‘z bilimlarini amaliyotda mustahkamlash maqsadida Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi gidrotexnik qurilmani ko‘rib kelishdi. Bu yerda Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti (TIMI) talabalari uchun namoyish darslari bo‘lib o‘tdi. Yuqorichirchiq gidroqurilmasi avtomatik boshqarish tizimiga ega bo‘lib, suv resurslarini boshqarishda ishlatiladigan zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanishning yorqin misolidir. Bundan tashqari, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari suvni iqtisod qiluvchi sug‘orish tizimiga ega fermer xo‘jaliklarini ko‘zdan kechirishdi. 

Mevalarni intensiv bog‘larda katta ishlab chiqarish hajmida yetishtirish juda samarali ekanligi va bu usul atrof-muhitga minimal zarar yetkazishi tasdiqlandi. Bu usul tomchilab sug‘orish orqali amalga oshiriladi va yerning namligini inobatga olgan holda suvdan oqilona foydalanishga imkon beradi. Barcha tadbiq qilinayotgan zamonaviy texnologiyalar hosil unumdorligini oshiradi va ekologik balansni saqlab qoladi. 

4 may kuni tur ishtirokchilarining asosiy 3 ta yo‘nalish — o‘quv-metodik, ilmiy, so‘v xo‘jaligi xodimlarining malakasini oshirish bo‘yicha bahs-munozaralar tashkil etildi. Tur yakunlariga ko‘ra “STH” loyihasi doirasida suv xo‘jaligi mutaxassislarini tayyorlovchi ta'lim muassasalari o‘rtasida hududiy hamkorlik o‘rnatish imkoniyatlari muhokama qilinadi va taqdimotlar o‘tkazildi.

Top