18:06 / 05.05.2017
17006

O‘zbekistonda elektr energiya ta'minotini yaxshilash bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda

Elektr energiyasi ta'minoti sifati imkoniyatlarini keskin ko‘tarishi kutilayotgan loyiha – elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)ning sinov bosqichi hozirda Samarqand, Buxoro va Jizzaxda o‘tkazilyapti.

Yangi tizim debitor qarzdorlikka butunlay barham berish, elektr energiyasi ta'minotida uzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik, energiya yo‘qolishini keskin qisqartirish va undan noqonuniy foydalanishning oldini olish imkonini beradi.

O‘tgan yil oxiri va joriy yil boshida Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanida yangi hisoblagichlar o‘rnatila boshlandi. Va nihoyat, yaqinda ushbu hisoblagichlar o‘rnatilgan hudud – Qo‘shquduq mahallasida sinov o‘tkazildi. Sinov loyihani amalga oshirayotgan Janubiy Koreyaning "KT Corporation" kompaniyasi xodimlari, "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati, "Samarqand elektr tarmoqlari" korxonasi vakillari ishtirokida o‘tkazildi. Mamlakatimiz elektr energiyasi tizimida ulkan yangilik bo‘lishi kutilayotgan ushbu tizimning sinov jarayonini bevosita joyida kuzatdik.

Tumanda bo‘lganimizda, eng avvalo, yangi hisoblagichlar o‘rnatilishidan oldin va keyin sarflangan elektr energiyasi bilan qiziqdik. Negaki, yangi hisoblagichlarda elektr energiyasi uchun to‘langan mablag‘ tugasa, avtomatik tarzda elektr uzatish to‘xtatiladi. Qolaversa, bitta xonadon sohibi me'yordan ortiq, elektr uskunalari ko‘tarolmaydigan darajada katta miqdorda elektr energiyasidan foydalansa ham "aqlli" hisoblagich bir necha daqiqaga o‘chib qolib, iste'molchini ogohlantiradi. 

– Darhaqiqat, kutilganidek, uch mingdan ziyod yangi hisoblagich o‘rnatilgan hududda elektr energiyasi iste'moli 18 foizga kamaydi, – deydi "Samarqand elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati ASKUE bo‘limi boshlig‘i Valijon Qilichev. – Muhimi, iqtisod qilingan elektr energiyasi avariyalar yoki cheklash natijasida emas, balki zamonaviy texnologiyalar tufayli yuzaga keldi. Umuman, yangi tizimga butunlay o‘tgandan so‘ng cheklovlarga ehtiyoj qolmaydi. 

Sinov jarayonida "KT Corporation" kompaniyasi xodimlari xonadonlardan birida elektr energiyasidan "noqonuniy foydalanish" harakatini amalga oshira boshladi. "O‘zbekenergo" AJ xodimlari esa uyali telefon orqali Samarqand shahrida joylashgan kompyuter markazi xodimlari bilan ulanishdi. "Noqonuniy foydalanish"ga kirishilgach, ikki daqiqa-yu 43 soniyada hisoblagich avtomatik tarzda o‘chib qoldi va kompyuter markazidagilar maxsus avariya signali ishlab ketganini uyali aloqa orqali xabar qilishdi. Sinov jarayonida shunga guvoh bo‘ldik-ki, umuman, ushbu hisoblagichni ochishga urinib ko‘rsangiz bas, kompyuter markazidagi signal ishga tushib, qaysi hudud, qaysi xonadonda ushbu voqea bo‘layotganigacha xabar beradi. Bu esa yangi tizimda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish butunlay barham topishiga olib keladi. Aytish lozimki, ayni vaqtda elektr ta'minotidagi eng katta muammolardan biri ham bu – noqonuniy foydalanishdir.

– Yangi hisoblagichning biz uchun eng muhim tomonlaridan biri – hisob-kitobda chalkashlikning yo‘qligi, – deydi Qo‘shquduq mahallasida yashovchi Xudoyberdi Iskandarov. – Aslida, elektr energiyasi ham xalqning mulki, kimningdir noqonuniy foydalanishi vaqti kelib, barchaga ziyon yetkazadi. Yangi tizimda esa inson aralashuvi bo‘lmaydi. Barcha jarayonlar avtomatik tarzda bo‘larkan. Mablag‘ni "klik" orqali telefonimizdan yoki bank orqali to‘laymiz. Ilgari, ayniqsa, kech tushaversa, elektr kuchlanishi pasayib, chiroqlar xiralashib qolardi. Hozir esa sifatli, bir xil kuchlanishdagi elektr energiyasiga egamiz.

Sohadagi yana bir muammo elektr energiyasining texnologik yo‘qotilishi bo‘lib, bu ko‘rsatkich joylarda umumiy iste'molning 15 foizidan 25 foizigacha tashkil etadi. "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari Sh.Sheraliyevning ma'lum qilishicha, ushbu tahlil Pastdarg‘om tumani bilan bir qatorda Buxoro va Jizzax viloyatlaridagi tegishli tumanlarda ham o‘tkazilgan. Sinov tahlillari texnologik yo‘qotish Jizzaxda 3,34, Buxoroda 4 va Samarqandda 4,5 foizni ko‘rsatgan. Bu esa elektr energiyasi iste'molida rekord darajadagi past yo‘qotishdir. Agar shu tarzda respublika bo‘yicha 15-18 foiz elektr energiyasining texnologik yo‘qotilishi oldi olinganda ham bu kamida yana bir viloyatga yetarli elektr energiyasi deganidir. Demak, loyihani tezroq nihoyasiga yetkazish eng dolzarb vazifalardan biridir. 

Avval xabar berganimizdek, ushbu loyiha uchun Osiyo taraqqiyot banki tomonidan 150 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ ajratilgan. Hozirgacha ushbu mablag‘ning 14 foizi o‘zlashtirildi. "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatidan olgan maktubimizda ushbu loyihani Samarqand, Jizzax, Buxoro viloyatlarida 2018 yil noyabr oyida tugatish rejalashtirilgani ma'lum qilingan. Biz esa nafaqat aholining maishiy hayotida, balki umuman, taraqqiyotda muhim bo‘lgan elektr energiyasi ta'minotini yaxshilashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan ushbu ishlarning o‘z vaqtida nihoyasiga yetkazilishiga umid qilamiz.

Anvar Mustafoqulov

Top