17:45 / 06.05.2017
56804

Bir hamshira qiyofasida o‘zbek andishasi

Illyustrativ foto

Kun.uz ijodiy jamoasi tashrif bilan Namangan viloyatiga tashrif buyurganimizda, tumanlardan birida joylashgan QVPda bo‘ldik. Shanba kuni bo‘lgani uchunmi, bu yerda hech kim ko‘rinmas edi. Bino ichiga olazarak boqib, odimlaganimiz zahoti shu yerda ishlovchi hamshiralardan biriga duch keldik. U o‘rta yoshli ayol bo‘lib, siyratida o‘zbek ayollariga xos ifoda bor edi.

Kimligimizni, nima maqsadda kelganimizni aytganimizda, ayolning yuz ifodasida sarosima va hayrat paydo bo‘ldi. Buni chetdan qaragan inson yaqqol anglar edi. Hamshiradan qishloq vrachlik punktini “sayr” qilish uchun ruxsat so‘raganimizda, u past ovozda “mayli” dedi. Ushbu QVPda xamma narsa joy-joyda,batartib, toza-ozoda edi. Bundan ancha xursand bo‘ldik.

Shu asnoda hamshiradan maoshi haqida so‘radik. 400 ming so‘mligini aytdi. “Qanchasini naqd olasiz?”, degan savolimizga yerga qaragancha “100 foiz hammasi plastik kartaga tushadi”, deb javob qaytardi. Ma'lumki, qishloq joylarida plastik kartani ishlatish juda qiyin. Shu sabab yana savol: “O‘zingizga yetadimi maoshingiz? Naqd qilishda qiynalmaysizmi?”. U javob qaytaradi: “Amallayman, xo‘jayinim 10 foizga naqdlashtirib keladilar”. 

Ketar chog‘imizda u bizga iltijoli boqadi: “Iltimos, bu haqda yozib chiqarmang...”. Biz muammolarni yoritish uchun kelganligimizni, kelajakda barcha ishlar yaxshi bo‘lishini tushuntirishga harchand o‘rinsakda, u negadir bu haqda so‘z yuritishimizni istamasdi. Yig‘lashga tushdi. Ana shunda kishini anglab bo‘lmas hayajon bosadi. Yurak o‘rtanadi. Nega??? Nega bu haqda gapirmaslik kerak, degan sehrli savol keladi. Oxiri u haqda (to‘g‘rirog‘i manzili va ismi) haqda yozmaslikka va'da bergachgina, hamshira o‘ziga keldi, chuqur tin oldi. 

O‘zbek andishasi – eh o‘zbekning andishasi... O‘zi uchun yaxshi bo‘lishini bilsada, lekin bunday qilishiga yo‘l qo‘ymaydigan o‘zbek andishasi. Biz bu xislatni qoralashdan yiroqmiz, chunki o‘zbek ana shu xislati bilan boshqalardan ajralib turadi. 

Safar davomida ayolning nochorroq, ko‘p farzandli oilada yashashi, oila boquvchisining nogironligi bizga ayon bo‘ldi. Namangan safaridan qayta-qaytgunimizcha bu manzara ko‘z oldimizdan ketmadi. Bir tumanning chekka bir qishlog‘idagi QVP va unda ishlayotgan andishali hamshira... Maoshi o‘ziga yetmayotganini, plastig kartasiga tushgan pulni foizi bilan naqdlashtirayotganini, shunday bo‘lsada, yuzida tabassum bilan “bu haqda aytib yurmang”, deya andisha qilayotgan hamshira qiyofasi ko‘z o‘ngimizdan ketmaydi...

Top