15:43 / 06.05.2017
15660

Mirziyoyev poytaxtning Oybek ko‘chasidagi uylarda ishga tushirilgan zamonaviy qozonxonalarni borib ko‘rdi

Foto: O‘zA

Shavkat Mirziyoyev 6 may kuni poytaxtimizning Oybek ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda ishga tushirilgan zamonaviy, energiyatejamkor lokal qozonxonalarni borib ko‘rdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

O‘zbekistonda aholi farovonligini yuksaltirish, xonadonlar va ijtimoiy soha obektlarini issiqlik energiyasi va issiq suv bilan uzluksiz ta'minlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat rahbarining shu yil 20 apreldagi “2018-2022 yillarda issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda. 

Ushbu qarorga muvofiq Toshkent shahrida issiqlik ta'minoti tizimini yangilash va modernizatsiya qilish, energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan mahalliy qozonxonalar qurish, xonadonlarga yakka tartibda ichki issiqlik tarmog‘ini o‘rnatish, ko‘p qavatli uy-joy fondi va ijtimoiy soha obektlarining lokal issiqlik ta'minoti tizimini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar belgilangan. 

Poytaxtdagi markazlashgan issiqlik ta'minoti tizimi o‘tgan asrning 60-70 yillarida barpo qilingan bo‘lib, bugungi kunda qozonxona uskunalari va tarmoqlar texnik va ma'naviy eskirgani, markaziy qozonxonalar iste'molchilardan uzoq masofada joylashganligi sababli issiqlik yetkazib berishda ayrim muammolar yuzaga kelmoqda. 

Yuqoridagi qarorga asosan poytaxt tumanlarida zamonaviy qozonxonalar qurish, quyosh energiyasi bilan suvni isitadigan gelioqurilmalar negizida uy-joylar va ijtimoiy obektlarni issiqlik bilan ta'minlash tizimini barpo etish bo‘yicha dastur ishlab chiqilmoqda. 

Unga ko‘ra joriy yilda poytaxtda jami 211, jumladan, ko‘p qavatli uylar tom qismida 134, mavzelar hududida 77 mahalliy qozonxona quriladi. Ushbu maqsadlar uchun sarflanadigan 170 milliard so‘m mablag‘ tijorat banklari kreditlari hisobidan moliyalashtiriladi. 

Oybek ko‘chasidagi 40- va 42-uylarda ishga tushirilgan qozonxonalar gelio suv isitgichlari bilan jihozlangan. Ushbu qozonxona an'anaviy markazlashgan isitish tizimiga qaraganda birmuncha afzalliklarga ega. Avvalo, qozonxonada zamonaviy texnologiya asosida quyosh nuridan issiqlik energiyasi ishlab chiqarilib, xonadonlarga kerakli miqdorda taqsimlanadi. Bu yoqiladigan tabiiy gazni tejash, iste'molchilarga issiqlik energiyasi yetkazib berishda yo‘qotishlar va qish mavsumida avariya holatlarining oldini olish, ortiqcha sarf-xarajatlarni kamaytirish imkonini beradi. 

Qozonxonada soatiga 146 kilovatt issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Loyihaning qiymati 460 million so‘m bo‘lib, xarajatlar “Toshissiqquvvati” ishlab chiqarish birlashmasi unitar korxonasi hisobidan qoplangan. 

Uy yuqorisidagi texnik qavatda qozonxona, tomda quyosh kollektorlari o‘rnatilgan. Davlat rahbari ushbu lokal qozonxonani ko‘zdan kechirdi. 

Quyosh suv isitgichlari ekologik tozaligi, ko‘p xizmat talab etmasligi va uzoq muddat foydalanish mumkinligi bilan ajralib turadi. Bunday qurilmalar nafaqat quyoshli, balki bulutli kunlarda ham energiya ishlab chiqara oladi. 

Mazkur sohadagi ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishdir, dedi Prezident. Kommunal sohani yanada takomillashtirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish uchun quyosh energiyasi asosida ishlaydigan issiqlik energiyasi tizimiga o‘tishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Toshkent shahrida kelgusi uch yilga mo‘ljallangan alohida tizim ishlab chiqamiz. Bu tizim quyosh energiyasi yordamida uy-joylar va ijtimoiy obektlarni issiq suv va energiya bilan uzluksiz ta'minlash, energiya resurslarini tejash va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi. 

Davlat rahbari gelioqurilmalar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar mahsulotlari namunalari bilan ham tanishdi. 

Qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, malakali mutaxassislarni jalb etish borasida zarur ko‘rsatmalar berildi. 

Top