16:45 / 07.05.2017
10507

O‘zbekistonlik shifokorlar germaniyalik siyosatchiga yordam ko‘rsatishdi

Foto: Vikipediya

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga Saksoniya federal yeri (GFR) parlamenti raisi, doktor Mattias Ryosslerdan maktub keldi. U siyosiy masalalar, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha ekspert sifatida mamlakatimizga bir necha marotaba tashrif buyurgan.

O‘zbekiston — Germaniya hamkorligini yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun yurtimizga navbatdagi tashrifi doirasida, aniqroq aytadigan bo‘lsak, Shahrisabz shahrida Navro‘z ayyomini nishonlash tadbirlarida siyosatchining tobi qochib qoladi. Qashqadaryo viloyati tibbiyot sohasi vakillari bemorga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishdi. Mattias Ryosslerning yozishicha, u “Shahrisabzdan Samarqandgacha, Samarqand orqali Toshkentgacha bo‘lgan yo‘lda samimiy e'tibor va g‘amxo‘rlik og‘ushida” bo‘lgan. Mehmon Toshkentdagi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida o‘z sog‘lig‘ini tikladi. Siyosatchi ushbu markazdagi “Nafaqat yuqori sifatli davolash amaliyotlarini, balki butun tibbiyot xodimlarining o‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashgani hamda chin yurakdan yordam berishgani”ni e'tirof etgan.

Mamlakatimiz shifokorlari yuksak kasb mahoratini, har qanday murakkab vaziyatni hal qila olish qobiliyatini juda ko‘p marotaba namoyish etishgan. Haqiqatan ham, yurtimizda o‘tgan davr mobaynida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani yanada takomillashtirish, tibbiyot xodimlari mehnatini rag‘batlantirish, tibbiy xizmatga ilg‘or texnologiyalar va usullarni keng joriy etishga alohida e'tibor qaratilayapti. Prezidentimiz joriy yil boshidan buyon sog‘liqni saqlash sohasining yetakchi mutaxassislari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazib, tizimni isloh qilish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini qayd etdi.

Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirish doirasida aholi salomatligini mustahkamlash, zamonaviy sifatli tibbiyot xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilangan. Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish, onkologiya xizmatini rivojlantirish, aholiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishni tubdan yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi hamda ularning ijrosi izchil ro‘yobga chiqarilayotir.

Hozirgi kunda kardiologiya, jarrohlik, ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, endokrinologiya, pulmonologiya, akusherlik va ginekologiya, dermatologiya hamda venerologiya, pediatriya va boshqa yo‘nalishlardagi maxsus ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida aholiga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilayapti.

M. Ryossler o‘zining minnatdorlik maktubida shunga ishonch bildirganki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan dasturilamal hujjat — Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Nemis siyosatchisi mamlakatda turizmni rivojlantirish, O‘zbekistonning buyuk madaniy merosini asrab-avaylash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga ham yuksak baho berdi. “O‘zbekiston Markaziy Osiyoda butun mintaqaga, vaziyatga ta'sir ko‘rsatadigan muhim davlat hisoblanadi”, dedi u.

M. Ryossler maktub xotimasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni xodimlariga, O‘zEOAVMA rahbariyatiga, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hokimiyatlariga, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga ko‘rsatilgan yordam, samimiy g‘amxo‘rlik hamda yuqori malakali tibbiy xizmat uchun minnatdorlik bildirgan. U o‘zi uchun qiyin bir sharoitda ko‘rsatilgan yordam mamlakatga nisbatan iliq taassurotlarni, minnatdorlik tuyg‘usini uyg‘otishini qayd etgan.

“Hurmatli janob Prezident, — deb yozadi siyosatchi. — Siz orqali murakkab vaziyatda menga yordam bergan barchaga o‘z minnatdorligimni bildirishga ijozat bergaysiz”. M. Ryossler ulkan muvaffaqiyat va zafarlar tilab, ikki mamlakat o‘rtasida do‘stona aloqalarni yanada kengaytirish uchun barcha sa'y-harakatini yo‘naltirishini ma'lum qildi.

Qobil Xidirov

Top