15:58 / 08.05.2017
12023

Xorijdagi o‘zbekistonliklar internet orqali O‘zbekiston konsullik idoralariga murojaat qilishlari mumkin

Foto: Imagenesfotos

Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolariga tezkor yordam berish maqsadida shu yilning mart oyidan boshlab www.consul.mfa.uz saytida «onlayn maslahat» moduli ishga tushirildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining joriy yil birinchi chorak yakunlariga bag‘ishlangan hisobotida shu haqda so‘z yuritilgan. Bugungi kunga qadar ushbu modul orqali 100dan ortiq fuqaro murojaati qabul qilindi.
 
2017 yilning 1-choragida TIV Konsullik boshqarmasi va O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekistonga kirish vizasini chet el fuqarolariga berish, biometrik pasportni almashtirish/berish, Vatanga qaytish sertifikatini berish, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqish, fuqarolik holatini qayd etish, notarial xizmat ko‘rsatish va boshqa masalalar bilan bog‘liq jami 79 ming 139ta konsullik amallari bajarildi.

O‘zbekiston Respublikasining quyidagi davlatlardagi elchixonalarida eng ko‘p konsullik amallari bajarilgan: Tojikistonda – 14191ta, Rossiyada – 7561ta, Qozog‘istonda – 5633ta, Germaniyada – 3714ta, Hindistonda – 3435ta, Janubiy Koreyada – 3369 va Turkmanistonda – 3215ta.

2017 yilning yanvar-mart oyi davomida 52224 nafar xorij fuqarosiga kirish vizasi berildi, shundan 19197ta viza sayyohlarga, 8613ta viza tadbirkorlarga rasmiylashtirildi. 2016 yilning shu davri mobaynida berilgan kirish vizalarining umumiy soni 6 foizga (49409), sayyohlik vizalari soni 13 foizga (17077) oshgan. 

Bundan tashqari, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda viza so‘rovini taqdim etish bo‘yicha “E-visa” interaktiv xizmatini Yagona davlat interaktiv xizmatlari portalida ham joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Top