18:05 / 08.05.2017
9432

Vengerning tarixiy g‘alabasi, 16 yildan so‘ng taxtga qaytgan «Spartak» va uik-endning boshqa yorqin lahzalari

Yevropaning kuchli beshlik chempionatlarida yakuniy tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Hozircha birgina Germaniyada chempion nomi aniq bo‘lgan bo‘lsa, boshqa birinchiliklarda kurash davom etmoqda. «Barselona» va «Real» hamon qo‘shpeshqadamlik qilmoqda. «Monako» uzoq yillik tanaffusdan keyin chempionlik uchun navbatdagi qadamini tashladi. Angliyada «Tottenhem» xuddi o‘tgan yilda bo‘lgani kabi ochko yo‘qotishni boshladi va chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlarini keskin pasaytirib yubordi. Uik-endning shu kabi boshqa muhim voqealarini Tribuna.Uz bir joyga to‘pladi.

Vengerning tarixiy g‘alabasi

Foto: sportinglife.com

Angliya premer-ligasining markaziy uchrashuvi Londonda bo‘lib o‘tdi va unda «Arsenal» «Manchester Yunayted»ni qabul qildi. Arsen Vengerning azaliy raqibi bo‘lgan Joze Mourino jamoasiga qarshi o‘yinda fransuz mutaxassisi nihoyat tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritdi. Ushbu natijadan so‘ng «Arsenal» yana 4-o‘rin uchun kurashish imkoniyatini o‘ziga qaytarib oldi.

«Tottenhem» esa London derbisida «Vest Hem»ga imkoniyatni boy berdi va «Chelsi» bilan oradagi farqni minimal ko‘rinishgacha qisqartirish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi. «Manchester Siti» esa Gvardiola boshchiligidagi eng yirik g‘alabasiga «Kristal Pelas»ga qarshi uchrashuvda erishdi. YeChL yo‘llanmasi uchun kurash olib borayotgan «Liverpul» esa «Sauthempton»ga qarshi uchrashuvda durang o‘ynab, muhim ikki ochkoni boy berib qo‘ydi.

Peshqadam «Chelsi» o‘z o‘yinini bugun, dushanba kuni «Midlsbro»ga qarshi o‘tkazishi kerak. G‘alaba londonliklarni chempionlik sari yanada yaqinlashtiradi.

«Barselona» va «Real»dan iborat chempionat

Foto: Twitter/@realmadrid

Ispaniya chempionatida «El-klasiko»dan keyin ikki azaliy raqib bir xil ravishda g‘alabalarni qo‘lga kiritishda davom etmoqda. Bu safar «Barselona» «Vilyarreal»ni qabul qilib, yirik hisobda g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Real» «Granada» uyida deyarli ikkinchi tarkib bilan harakat qilib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Darvoqe Lionel Messi yana bir yangi natijasini shu haftada qayd etdi.

Foto: Twitter/@barcelona

Hozircha chempionatda boshqa kurashadigan jamoalar qolmadi. «Atletiko» 3, «Sevilya» esa 4-o‘rinni deyarli hal qilishga ulgurdi. Yevrokuboklar yo‘llanmasi ham «Atletik» va «Vilrreal»da qoladigan bo‘lib turibdi. Birgina chempionlik masalasi so‘nggi turga qadar davom etadigan ko‘rinadi.

«Leyptsig»ning yana bir yangi tarixi

Foto: Twitter/@leipzig

Bundesligada ilk marta ishtirok etayotgan «RB Leyptsig» jamoasi oldinroq YeChLda ishtirok etish masalasini hal qilib, tarixiy natija qayd etgandi. Bu turda jamoa Bundesligadagi debyut mavsumidayoq sovrinli o‘rinlardan birini egallashi va YeChL guruh bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma olish vazifasini uddaladi. Buning uchun jamoa «Herta» uyida yirik hisobdagi g‘alaba bilan qaytdi.

Turning markaziy uchrashuvida esa «Borussiya» o‘z uyida «Hoffenhaym»ni qabul qilib, muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi va 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi.«Bavariya» esa «Darmshtadt»ni qabul qilib, kichik hisobda zafar quchdi va raqibining bundesligani ikki yillik ishtirokdan keyin tark etishini rasmiylashtirishiga «yordamlashib yubordi».

«Yuventus»ning to‘xtalishi

Foto: Twitter/@juventus

Italiya chempionatining 35-turiga kelib, «Yuventus»  bir yarim yillik tanaffusdan keyin ilk marta o‘z uyida ochko yo‘qotdi. A seriyada «Yuventus-Arena»da o‘tgan ketma-ket 33 uchrashuvda g‘alaba qozongan Allegri shogirdlari Turin derbisida «Torino» bilan kechgan uchrashuvda so‘nggi daqiqalarda Gonsalo Higuainning goli evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.

Peshqadamning ochko yo‘qotishidan «Roma» unumli foydalanib qoldi. «Milan»da mehmon bo‘lgan Spalletti shogirdlari yirik hisobda g‘alaba qozonib, 2-o‘ringa ko‘tarilib oldi va «Yuventus»ning chempionligini kamida bir haftaga kechiktirishga muvaffaq bo‘ldi. «Milan» esa deyarli ikkinchi mavsumda ham yevrokuboklarsiz qolishga juda yaqin qoldi.

«Inter» esa rasman bu imkoniyatdan mahrum bo‘lishga ulgurdi. Rimning boshqa bir jamoasi «Latsio» esa bahorni ajoyib tarzda o‘tkazib, bu turda ham g‘alaba qozondi. Jamoa «Sampdoriya» darvozasini 7 marta ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘ldi.

Ikki yetakchi va kurashdan chiqqan «Nitstsa»

Foto: Twitter/SquawkaNews

Fransiya chempionati tugashiga ikki tur qolganda «Nitstsa» rasman chempionlik uchun kurashdan chiqdi. Shundoq ham o‘zi uchun tarixiy natijani qo‘lga kirita olgan jamoa «Marsel» mehmoni bo‘lib imkoniyatni boy berdi.

Chempionlik uchun kurashayotgan ikki jamoa «Monako» va «PSJ» esa muvaffaqiyatli yurishini davom ettirdi. «PSJ» yirik g‘alaba evaziga «Monako»ga yetib olgan bo‘lsa, keyinroq monegaskliklar o‘z g‘alabasi evaziga farqni yana uch ochkoga oshirdi.

Rossiyaning yangi tarixi

Foto:Tribuna

O‘tgan haftada Rossiya chempionatida ham g‘olib aniqlandi. 16 yillik tanaffusdan keyin moskvaliklar yana mamlakat chempionatining yuqori pog‘onasiga qaytdi. Bunda jamoaga «Zenit»dan g‘alaba bilan qaytgan «Terek» ham yordamlashib yubordi.

Shuningdek bu haftada Daniyada «Kopenhagen» va Ukrainada «Shaxtyor» chempionlikni naqd qildi.

Top