12:10 / 09.05.2017
4757

AQSh Afg‘onistondagi kontingenti sonini oshirmoqchi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning maslahatchilari Afg‘onistondagi harbiy kampaniya strategiyasini o‘zgartirishni taklif etishmoqda. Buning natijasida respublikadagi harbiy kontingent uch ming kishiga oshiriladi va Pentagonning “Tolibon” jangarilariga aviazarba berish bo‘yicha vakolatlari kengayadi. Bu haqda The Washington Post gazetasi xabar tarqatdi.

Nashr manbalarining aytishicha, Afg‘onistonda ayni damda bo‘lib turgan 8,4 ming harbiy xizmatchi safiga yana kamida uch mingni qo‘shish taklif etilgan. Bundan tashqari, agarda loyiha tasdiqlansa, Pentagon amaldorlari mamlakatdagi amerikalik harbiylar sonini o‘zlarini hal qilishlari mumkin bo‘ladi.

Avvalgi prezident Barak Obama ma'muriyati tomonidan jangovar hududlarda AQShdan bo‘lgan harbiy maslahatchilarning harakatiga doir cheklovlar ham bekor qilinishi mumkin.

Bundan tashqari, Pentagon “Tolibon”ga qarshi aviatsiya qo‘llash bo‘yicha o‘z vakolatlarini kengaytirishi ehtimolga yaqin.

Loyihaga AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Gerbert Makmaster mualliflik qildi. Tramp bu boradagi pozitsiyasini hozircha bildirgani yo‘q. WP ma'lumotiga ko‘ra, Oq uyda “Tolibon”ga harakat yetakchilarini muzokaralar stoliga o‘tkazish uchun bosim ko‘rsatishga qarshi chiqayotganlar ham bor.

Ma'lumot uchun, ayni damda Afg‘onistonda taxminan 8,5 ming amerikalik harbiylar bor.

Top