12:32 / 10.05.2017
13584

Dani Alves shousi: «Yuventus» – chempionlar Ligasi finalida

«Monako»ga qarshi o‘tgan chempionlar Ligasi yarim finali javob uchrashuvida Dani Alves o‘zi ham gol urib, yana bir golga uzatma berib, «Yuventus»ning g‘alabasiga juda katta hissa qo‘shdi va haqli ravishda uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. Ushbu g‘alabadan keyin Massimiliano Allegri shogirdlari ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra (2:0, 2:1) finalga yo‘l oldi.

Jardim Falkaoga ishongandi

@ChampionsLeague

Agar narsalarni o‘z nomi bilan ataydigan bo‘lsak, «Yuventus»ning «Monako»ga qarshi jangi taqdiri olti kun avval hal qilib qo‘yilgan edi. «Lui II» stadionida Gonsalo Higuainning dubli «keksa sinora»ga chempionlar Ligasi finaliga chiqishini amalda ta'minlab bo‘lgan edi. Monakoliklar, albatta, finalga yo‘llanma uchun imkoniyatlari kamligini o‘zlari ham yaxshi tushunib turishgindi, biroq Turinda haqiqiy jang va'da qilishayotgandi. Aks holdda ularni hech kim tushunmasdi.

— «Yuventus» bizga ko‘p muammolar yaratdi, shu sababli nimanidir o‘zgartirishga majbur bo‘lamiz. Ularning safida ayniqsa Dani Alves o‘zini ko‘rsatdi. Buning hayratlanarli joyi yo‘q, u bunday darajadagi o‘yinlarni ko‘raverib, ko‘zi pishib ketgan buyuk futbolchi. Agar biz yutishni istasak, o‘zimizning eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etishimiz kerak. Biz Radamel Falkaodan ko‘p narsa kutayapmiz. Biz yomon fikrlarni bir chekkaga yig‘ishtirib qo‘yib, faqat hujum qilishimiz kerak. Birinchi o‘yinda darvoza tomon zarbalarimiz soni italyanlarniki bilan teng bo‘ldi. Biroq, raqiblarimizniki samarali chiqib qoldi. O‘z-o‘zidan ravshanki, «Yuventus» bizga nisbatan tajribaliroq jamoa. Yutqazganimizga sabab, yaratilgan vaziyatlarni golga aylantira olmadik. Turinda esa o‘z orzumizni ro‘yobga chiqarishga harakat qilamiz. Maqsadimiz — finalga chiqish. Men o‘z futbolchilarimdan faxrlanaman», — degan edi «Monako» murabbiyi Leonardo Jardim.

Xedira Markizioni 10 daqiqa almashtirdi

Agar Jardim Falkao haqida gapirgan bo‘lsa, muxlislar uchun jamoadagi qiziq shaxs — 18 yoshli Kilian Mbappe bo‘lib turibdi. Nihoyatda iqtidorli yosh fransuz yigitchasining 39 yoshli Janluiji Buffon bilan qarama-qarshiligi bu yarim finalga o‘zgacha tus berayotgan edi. Albatta, Monakoda «Yuventus»ning tajribali himoya chizig‘i YeChLning ushbu pley-off bosqichida 5ta gol urishga ulgurgan Mbappeni zararsizlantirishni uddalagandi, lekin hujumchining oldida o‘z maqsadiga yetishish uchun yana 90 daqiqa bor edi. 

Kutilganidek, Mbappe va Buffon birinchi daqiqalardan harakat qilishdi. Massimiliano Allegri «Yuventus»ning boshlang‘ich tarkibida faqat bitta o‘zgarish qildi: diskvalifikatsiyasini o‘tagan Xedira maydon markazida Klaudio Markizioni almashtirdi. Lekin germaniyalik futbolchi 10-daqiqada mushaklarni cho‘zib olib, o‘rnini yana Markizioga bo‘shtib berdi. «Monako» asosiy tarkibiga bu marta Andrea Raji, Benjyemen Mendi va Joau Mountinyu kiritildi. Bir hafta muqaddam Jardimning ko‘rsatmalarini ko‘ngildagidek bajarmagan Fabino va Toma Lemar zaxirada qoldirildi. So‘nggi daqiqalarda Nabil Dirrar qaydnomadan tushib qoldi.

@ChampionsLeague

«Yuventus» (Italiya) – «Monako» (Monako) 2:1

Gollar: 1:0 – Mandjukich (33), 2:0 – Dani Alves (44), 2:1 – Mbappe (69).
Yuventus: Buffon, Bonuchchi, Kellini, Aleks Sandro, Bardzali (Benatiya, 85), Pyanich, Xedira (Markizio, 10), Dani Alves, Manjukich, Dibala (Kuadrado, 54), Higuain.
Monako: Subashich, Jyemerson, Glik, Sidibe, Mendi (Fabino, 55), Bernardu Silva (Lemar, 69), Moutinyu, Mbappe, Bakayoko (Jyermen, 78), Raji, Falkao.
Ogohlantirish: Falkao (40), Mendi (51), Bonuchchi (74).
Dastlabki o‘yin – 2:0

Tuzoqdagi Mbappe

@ChampionsLeague

«Yuventus»ning taktik sxemasi Monakoda ko‘rganimizdan ko‘ra an'naviy uch markaziy himoyachili sxemaga ko‘proq kelbat berardi. U yerda Andrea Bardzali ko‘proq o‘ng qanot himoyachisiga aylanib turgan edi, Alves esa — yarim himoyachiga. Javob o‘yinida turinliklarning himoya mushtumi yanada mustahkamroq bo‘ldi.

Fransiya chempionati vakili o‘yinni juda tajovuzkor ruhda boshladi. Mehmonlar bir necha hujumni o‘zining chap qanotidan, Bardzali va Alves o‘rtasidagi bog‘lamani uzib tashlash uchun uyushtirishdi. Mbappe ham shu yerga kirib oldi. Lekin monakoliklarning yosh iqtidorining qo‘lidan kelgan narsa — ofsayddan darvoza ustunini poylash bo‘ldi. Mbappe va Falkao «keksa sinora» himoyachilari tomonidan o‘rnatilgan tuzoqqa tushib qolishdi va ularga aytarli muammo tug‘dira olishgani yo‘q. Tanaffusgacha Kilian yana bitta zarba bera olishni epladi. Buffondan ham mo‘'jizalar ko‘rsatish talab etilmayotgandi, birinchi bo‘limda «Yuventus» darvozasi oldida eng taranglashgan vaziyatda uni Jorjo Kellini sug‘urtalab turdi. «Monako» aynan Alvesning zonasidan yorib kirdi, biroq Dani himoyada u qadar ishonchli bo‘lmasa ham, bu yarim finallarning natijasiga katta hissa qo‘shdi.

«Yuventus»ga erkinlik bersang nima qiladi?

@ChampionsLeague

Jardim ham uch markaziy himoyachini ortda qoldirdi, ikkitadan jonga ega Mendi va Sidibe mezbonlar himoyasini qanotini ochib, Mbappe va Falkaoni to‘p bilan ta'minlab turishadi, degan maqsadda. Natijada «Monako» himoyachida haddan ziyod bo‘sh hudud paydo bo‘ldi, bundan esa «Yuventus»dek tajribali jamoa foydalanmasa bo‘lmas edi. Avvaliga mehmonlarni Daniel Subashich qutqardi. U Xorvatiya termasidagi jamoadoshi Manjukichning ajoyib zarbasini qaytardi: darvozabon o‘z vaqtida joyini tark etib, masofani qisqartirdi va to‘r tomon yo‘l olgan to‘pni to‘sdi. Biroq Manjukich baribir keyinroq o‘z niyatiga erishdi.

Yana Alves top-klassini ko‘rsatdi! Braziliyalik futbolchi shunday o‘ynamoqdaki, jamoa uni shundoqqina tekin qo‘yib yuborgani uchun «Barselona» muxlislar klub rahbariyatini eng so‘nggi iboralar bilan so‘kishga majbur bo‘lishmoqda. Birinchi bo‘lim yakunlanay deb turganda bungacha Manjukichga golli uzatma berib bo‘lgan Dani Alves va o‘z hisobiga gol yozib qo‘ydi. Alvesning harakatlari evaziga «Yuventus»ning umumiy ustunligi 4 ta golgacha yetdi.

Buffonning quruq seriyasiga nuqta qo‘yildi

@ChampionsLeague

Shunday qilib, ikkinchi bo‘lim quruq formallikka aylantirildi. Endi bu kech Mbappe va Falkao gol urish-urmasligi hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi. Garchi, faqatgina Buffon o‘zining quruq seriyasini davom ettirishni istab turgan esa-da. Joriy chempionlar Ligasida so‘nggi marta Buffon qo‘riqlayotgan darvozaga 22 noyabrda «Sevilya» guruh bosqichida gol ura olgan edi, pley-off seriyasida esa Janluiji hali gol o‘tkazmagandi.

Lekin Mbappening hamma kutayotgan goli baribir urildi, mayli, birinchi urinishidan bo‘lmasa ham. Avvaliga «Yuventus» darvozaboni o‘g‘li tengi yosh hujumchi bilan duelda g‘olib chiqdi. Biroq, 69-daqiqada Buffon Moutinoning uzatmasini to‘sa olmadi va Kilian o‘z nufuzi uchun gol urdi.

@ChampionsLeague

«Yuventus» tashqi tomondan «Monako» ustida o‘ta oson g‘alaba qozondi. Jahon futbolining eng yaxshi himoyasi eng kuchli hujum chizig‘i ustidan g‘olib chiqdi. Endi turinliklar aftidan «Real»ga qarshi finalga hozirlik ko‘rishadi, monakoliklar esa 2016/17 yilgi mavsumdagi yorqin qatnashuvi uchun barcha maqtovlarga loyiq. Buyuk Buffonga hozircha o‘z kolleksiyasida yo‘q bo‘lgan yagona sovrin — chempionlar Kubogiga ega chiqish uchun uchinchi imkoniyat taqdim etilmoqda.

Mavzuga oid
Top