21:29 / 10.05.2017
15668

Lavrov Tramp va Tillerson bilan nima haqda suhbatlashganiga oydinlik kiritdi

Foto: Aleksandr SHCHerbak / TASS

Hozirda AQShda safar bilan qolayotgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSh prezidenti Donald Tramp va davlat kotibi Reks Tillerson bilan uchrashuv o‘tkazdi. Lavrovning ma'lum qilishicha, u Tramp va Tillerson bilan Rossiya va AQShning xalqaro maydondagi o‘zaro harakatlanishini muhokama qilgan.  

Lavrovning aytishicha, Tillerson bilan uchrashuv natijalariga ko‘ra xalqaro muammolarni birgalikda hal qilishga kelishib olingan.

"Barcha ma'lum qiyinchiliklarga qaramasdan, bizning davlatlar xalqaro kun tartibida turgan muhim muammolarni hal qilishga birgalikda yordam bera olishlari va berishlari shartligi tasdiqlandi", deb aytdi Lavrov.

Lavrovning qo‘shimcha qilishicha, u Tramp va Tillerson bilan Suriyani va u yerda xavfsiz hududlarni yaratishni muhokama qilgan. Lavrov buni Suriyada zo‘ravonlikni kamaytirishdagi qadam deb atagan. Lavrovning ta'kidlashicha, Tramp Rossiya va AQSh o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdorligini tasdiqlagan.  

Uchrashuvda Rossiyaga qarshi sanksiyalar mavzusi ko‘tarilmagan. Lavrov Rossiyaning AQShdagi diplomatik mol-mulki masalasi ikki tomonlama munosabatlarga putur yetkazilmagan holda hal qilinishiga umid bildirgan. 

Lavrov OAVning Rossiya go‘yoki AQShning ichki siyosatiga ta'sir qilishi haqidagi xabarlarini uydirma deb atagan. Uning ta'kidlashicha, bunday ayblovlar faqatgina nosog‘lom muhitni yuzaga keltiradi.

Lavrovning ta'kidlashicha, ayni vaqtda Rossiya va AQSh muloqoti avvalgi prezident Barak Obama vaqtida bo‘lgandek "turli mafkuralardan" xoli. Lavrovning aytishicha, u Vashingtondagi muzokaralar davomida Tramp ma'muriyati "puxta odamlar" ekanligiga va ular muammolarni hal qila olishlariga ishonch hosil qilgan.   

Ta'kidlanishicha, Lavrov va Tramp o‘rtasidagi suhbat bir soatdan sal ko‘proq davom etgan.

Mavzuga oid
Top