15:20 / 10.05.2017
15378

Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaning yangi prezidentini O‘zbekistonga taklif etdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasining yangi prezidenti Mun Je Inni saylovdagi g‘alaba bilan tabrikladi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

«O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘tgan 25 yil davomidagi haqiqiy do‘stlik, kuchli strategik sheriklik, ikki tomonlama va xalqaro doiradagi dolzarb masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqotni o‘z ichiga oladi», — deya qayd etilgan maktubda.

Tabrikda ta'kidlanishicha, tomonlar avtomobilsozlik, mashinasozlik, elektr energetika, neft-gaz, elektrotexnika, to‘qimachilik sanoati, axborot texnologiyalari, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida investitsion hamkorlik borasida ulkan ijobiy tajriba to‘plagan.

O‘zbekiston rahbarining qayd etishicha, O‘zbekiston o‘z tashqi siyosatida izchillik va tadrijiylikni saqlagan holda Koreya Respublikasi bilan do‘stlikni va konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yo‘ldan olg‘a boradi.

Shavkat Mirziyoyev Mun Je Inni o‘ziga qulay vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilgan.

Top