23:19 / 11.05.2017
43379

Aliment to‘lashni kechiktirganlar 15 sutkagacha hibsga olinishi mumkin

Alimentlarni to‘lashda mas'uliyatni oshirishga yo‘naltirilgan qonun loyihasi regulation.gov.uz saytida muhokama uchun joylandi. 

Yangi qonun loyihasi voyaga yetmaganlar yoki moddiy yordamga muhtoj mehnatga layoqatsiz kishilar, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar moddiy ta'minotdan bosh tortgan taqdirda, javobgarlikka tortilish muddatini 1 oygacha qisqartirishni ko‘zda tutadi. Avval bu muddat 3 oyni tashkil qilar edi. 
 
Birinchi marta aliment majburiyatlaridan bo‘yin tovlagan kishilar avvalgidek jinoiy javobgarlikka emas, 15 sutkagacha ma'muriy jazoga tortiladi. Agar bu holat 1 yil davom etsa, jinoiy tartibda jazolanib, ularni 1 yilgacha (xavfli retsidivistlarni 3 yilgacha) ozodlikdan mahrum qilish mumkin bo‘ladi. 
 
Shuningdek ayblanuvchi yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ozodlikdan mahrum qilish jinoiy jazosini qo‘llamaslik taklif etildi. 

Aliment va ahloq tuzatish ishlari uchun bir vaqtning o‘zida ish haqining 80 foizi undiriladi. 
 
Jinoyat kodeksining 122- va 123-moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlik uchun axloq tuzatish ishlari ko‘rinishidagi jazo belgilangan ishchilardan aliment majburiyatlar bo‘yicha bir vaqtning o‘zida ham jazo summasi, ham aliment majburiyatlari bo‘yicha qarzi - ishchi xodimning 80 foizgacha bo‘lgan ish haqi ushlab qolinadi. Bugungi kunda esa bu summa 50 foizdan oshmaydi. 
 
Shuningdek har bir bolaga aliment undirish uchun 1 oylik minimal ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorni belgilash taklif qilindi. Hozirda bu ko‘rsatkich eng kam ish haqining 1/3 qismini tashkil etadi. 
 
Aliment belgilash bo‘yicha sud buyruqlari ijrosi tezlikda ta'minlanishi kerak bo‘ladi. Avval faqat sudning bu masala yuzasidan qarorlari darhol ijro etilardi.

Top