22:04 / 11.05.2017
6865

Toshkent chorrahalaridagi kameralar inson o‘limi bilan bog‘liq YTHlar sonini kamaytirdi

Yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzish holatlarini oldini olish maqsadida olib borilgan tadbirlar natijasida 5-11 may kunlari davomida YXXB xodimlari tomonidan 16,684ta, chorrahalarga o‘rnatilgan kuzatuv kameralari yordamida 8,598ta qoidabuzarliklar aniqlanib, tegishli ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev shu haqda ma'lum qildi.

Kameralar tomonidan qayd etilgan qoidabuzarliklarning 4980tasi sfetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlanish, 3618tasi tezlikni belgilangan me'yordan oshirish ekani ta'kidlandi.

Umuman, 2017 yil 15 mart kunidan 10 maygacha chorrahalarda o‘rnatilgan kuzatuv kameralari yordamida jami 98,307ta qoidabuzarlik sodir etilgan. Ulardan 45,191tasi tezlikni me'yordan oshirish, 53,116tasi svetoforning taqiqlovchi ishorasida harakatlanishdir. 

Chorrahalarda videokameralar o‘rnatilishi natijasida 2017 yilning 15 mart kunidan shu kunga qadar 176ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, uning natijasida 22 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 206 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Qayd etilishicha, 2016 yilning aynan shu davrida 256ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lib, uning natijasida 42 fuqaro hayotdan ko‘z yumgan va 295 nafar shaxs turli og‘irlikdagi tan jarohatlari olgan. Shunga ko‘ra, Toshxo‘jayevning uqdirishicha, kameralar samarasini so‘z bilan ifodalash shart emas, raqamlardan bilib olish mumkin. 

Top