19:46 / 11.05.2017
87737

Shavkat Mirziyoyev Xitoyga yetib bordi

Foto: press-service.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy rahbari Si Jinpingning taklifiga binoan 11 may kuni davlat tashrifi bilan Pekin shahriga yetib bordi. Prezidentga safarda rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva hamrohlik qilmoqda.

Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan «Shoudu» xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortgan. Prezidentni Xitoy rasmiy shaxslari kutib olgan.

Tashrifning asosiy voqealari 12—13 may kunlariga belgilangan.

Prezident Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jingpin, Davlat Kengashi bosh vaziri Li Ketsyan, Xalq vakillari Umumxitoy Majlisi Doimiy qo‘mitasi raisi Jan Detsyan va boshqa rahbarlar bilan uchrashuv va muzokaralarda o‘zaro munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash va izchil rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama etiladi. Tomonlar mintaqaviy va xalqaro dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashadi.

Mantiqli pragmatizm: O‘zbekiston Prezidenti Xitoyga tashrif buyurmoqda

Tashrif dasturida O‘zbekiston Prezidentining Xitoy yetakchi kompaniya va firmalari vakillari bilan uchrashuvi rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda o‘zaro foydali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakuni bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga doir hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar imzolanishi mo‘ljallangan.

Tashrif doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi chog‘ida 20 mlrd dollarga yaqin shartnoma imzolanishi kutilmoqda

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, 14—15 may kunlari Pekin shahrida «Bir kamar, bir yo‘l» xalqaro forumida ishtirok etadi.

Qayd etish kerakki, bu Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston prezidenti sifatida Xitoyga ilk tashrifidir.

Top