20:13 / 12.05.2017
6983

The Moment of Truth. APL chempionini aniqlab berishi kutilayotgan o‘yin

Angliya premer-ligasining 37-turidan o‘rin olgan eng e'tibor uchrashuv bugun bo‘lib o‘tadi. «Vest Bromvich» o‘z uyida mamlakat chempionati peshqadami Londonning «Chelsi»klubini qabul qiladi. Tribuna.Uz mavsumning hal qiluvchi o‘yini bo‘lishi kutilayotgan bahsga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

«Vest Bromvich» - «Chelsi» (12 may, 23:59, UzReport, Match! Futbol 1).

Uchrashuvning ahamiyatli tomoni shundaki, o‘yin chempion nomini aniqlab berishi mumkin bo‘ladi. Antonio Konte debyut mavsumidayoq Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan kam sonli murabbiylardan biriga aylanadi. Londonliklar g‘alabani qo‘lga kiritgan taqdirda ochkolari sonini 87taga yetkazib oladi va uchta uchrashuv o‘tkazishi kerak bo‘lgan «Tottenhem»ni 10 ochkoga ortda qoldirib ketadi.

Foto: Twitter/@wba

O‘yin oldidan
«Vest Bromvich»

Bugungi uchrashuv mezbonlari Angliya premer-ligasining so‘nggi 5 uchrashuvidani buyon umuman g‘alaba qozona olmay kelmoqda. Jamoa oxirgi beshta o‘yindan 4tasida mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa, 1ta uchrashuvda durang qayd etgan. Mazkur uchrashuvlarda jamoa bor-yo‘g‘i ikkita to‘p kiritishning uddasidan chiqqan. Eng yomon tarafi jamoa o‘z uyida o‘tkazgan so‘nggi uch uchrashuvning barchasida mag‘lub bo‘lgan.

«Chelsi»
Londonliklar esa premer-liga doirasidagi so‘nggi 5ta uchrashuvning 4tasida g‘alaba qozongan va o‘sha g‘alaba qozongan o‘yinlarida kamida uch bor raqib darvozasini ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan. So‘nggi marta jamoa «Manchester Yunayted»ga qarshi uchrashuvda (0:2) maydonni golsiz tark etgandi.

Foto: Twitter/@chelsea

O‘zaro uchrashuvlar tarixi

Angliya premer-ligasi tashkil etilganidan 10 yil o‘tgach, «Vest Bromvich» turnirda ilk bor ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan. Premer-ligada 11-mavsumini o‘tkazayotgan jamoa shu kunga qadar «Chelsi»ga qarshi APL doirasida 21 uchrashuv o‘tkazib, 3 uchrashuvda g‘alaba qozongan, uch uchrashuvda durang qayd etilgan «Chelsi» 15 uchrashuvda (shularning 6tasi mehmonda) g‘alaba qozongan. «Vest Bromvich» uyida o‘tkazilgan 10 uchrashuvning 6tasida «Chelsi», 3tasida «VBA» g‘alaba qozongan. Bitta uchrashuvda durang qayd etilgan.

Qiziq tomoni, «Chelsi» «Vest Bromvich» uyida kechgan so‘nggi 5 o‘yinning faqat bittasidagina g‘alaba qozongan. U ham bo‘lsa o‘tgan mavsum boshida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda (3:2) londonliklarning qo‘li baland kelgandi. Bungacha jamoa 4 yildan oshiqroq vaqt mobaynida «Vest Bromvich» uyida g‘alaba qozona olmay kelayotgandi.

Foto: Twitter/@wba

Qiziqarli faktlar
— agar «Chelsi» bu uchrashuvda g‘alaba qozonsa, 5 karra premer-liga chempioni degan nomga ega chiqadi. APL tashkil etilgan davrdan buyon faqatgina «MYu» ulardan ko‘proq (13 marta) bu unvonga ega bo‘lgan;

— Yuqorida eslab o‘tganimizdek «Vest Bromvich» «Chelsi»ga qarshi uy stadionida o‘tkazgan so‘nggi beshta uchrashuvning uchtasida g‘alaba qozongan (1 durang, 1 mag‘lubiyat);

— «Chelsi» «Vest Bromvich»ga qarshi so‘nggi 8 uchrashuvning faqat 1tasida mag‘lubiyatga uchragan (4G‘, 3D);

— «Vest Bromvich» va «Chelsi» jamoalari o‘rtasidagi barcha 21 uchrashuvda kamida bitta bo‘lsada gol kiritilgan va hech qachon nursiz durang qayd etilmagan. APLda faqatgina «Arsenal» va «Tottenhem» qarama-qarshiligida nursiz durang qayd etilmagan o‘yinlar soni ko‘proq (22ta o‘yin);
— Diyego Kosta «VBA»ga qarshi beshta uchrashuvning uchtasida gol kiritgan. Uning jami kiritgan golari soni ham 3ta.

Foto: Twitter/@wba

Yo‘qotishlar

«Vest Bromvich» tarkibida jamoaning eng yaxshi assistenti Mett Fillips jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Jonni Evansning esa safga qaytishidan murabbiylar umidvor bo‘lib turishibdi. Robson-Kanu mashg‘ulotlarda ishtirok etayotgan bo‘lsada, uning asosiy tarkibga kirishi katta so‘roq ostida qolmoqqda.

«Chelsi» tarkibida esa yo‘qotishlar yo‘q. Ngolo Kante qisqa vaqt davomida oyog‘idan olgan jarohatidan sog‘ayib yana o‘yinga shay holatda turibdi.

Murabbiylar nima deydi?
Toni Pulis, «VBA»: 
«Chelsi»ni bu yerda bayram qilmasligi uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Uchrashuvni intiqlik bilan kutmoqdamiz. Bizni qo‘llab-quvvatlab turgan muxlislarga xursandchilik bag‘ishlashni istaymiz Bizning ham o‘z maqsadlarimiz bor».

Antonio Konte, «Chelsi»: «Bunday vaziyatdan rohat olish juda muhim. Bugun amalga oshiradigan faqat bittagina vazifamiz bor: uch ochko olish va sovrinni o‘zimizniki qilib rasmiylashtirish».

Top