14:13 / 13.05.2017
13100

Xitoy matbuoti O‘zbekiston Prezidentining tashrifini keng yoritmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi Xitoy ommaviy axborot vositalarida keng yoritilmoqda, deb xabar beradi O‘zA.

Xitoyning yetakchi «Sinxua» axborot agentligi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Tszinpinning 12 may kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvi haqida batafsil axborot tarqatdi. Jurnalistlar ushbu uchrashuv natijalari O‘zbekiston va Xitoy xalqlarimizning tub manfaatlari va zamonaviy talablari hamda uzoq muddatli hamkorlikka sodiq ekanligidan dalolat berganini ta'kidlagan. 

CGTN telekanali oliy darajadagi muloqotlarning izchilligi o‘zaro munosabatlarning yanada barqaror rivojlanishini ta'minlashi barobarida barcha darajadagi aloqalarning jadallashuviga xizmat qilayotganiga e'tibor qaratgan. Axborotda ikki davlatning uzoq o‘tmishga borib taqaladigan aloqalari bugungi kunda o‘zaro ishonch va do‘stlik ruhida rivojlanib borayotgani qayd etilgan. 

«China daily» gazetasida «O‘zbekiston bilan aloqalar o‘z samarasini bermoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingan. Unda O‘zbekiston va Xitoy xalqlari azaldan o‘zaro savdo-sotiq qilgani, bir-birining madaniyatini boyitgani qayd etilgan. Bugungi kunda davlatlararo munosabatlar keng ko‘lamli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan, hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, qurilish, ilm-fan, ta'lim, madaniyat kabi barcha sohalarni qamrab olgan, deyiladi. 

Maqolada davlatlar o‘rtasida istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani haqida to‘xtalib, Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li va Qamchiq tunneli qurilishi ko‘p qirrali hamkorlikning yaqqol misoli ekanligi ta'kidlangan. Muallif ushbu strategik obektlarning bunyod etilishi nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa, jumladan, Xitoy uchun ham g‘oyat ahamiyatli ekanini qayd etgan. 

«Yangi Pekin» gazetasida O‘zbekiston – Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar turli yo‘nalishlarda muvaffaqiyat bilan rivojlanayotgani ta'kidlangan. Gazeta O‘zbekistonning sarmoyaviy hamkorlari ro‘yxatida Xitoy yetakchi o‘rinlardan birini egallashi va O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan XXR kapital qo‘yilmalarining hajmi barqaror ravishda o‘sib borayotgani haqida ma'lumotlar keltirgan. 

Xitoy matbuoti ta'kidlaganidek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro savdo-sotiq hajmi yuqori darajani tashkil etmoqda. O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan Xitoy kompaniyalari safi kengayib borayotgani XXR ishbilarmonlari O‘zbekiston bilan hamkorlikka katta qiziqish bilan qarayotganini tasdiqlaydi. 

Top