18:06 / 13.05.2017
8291

«Imperator»ning so‘nggi katta jangi. Uik-endning o‘tkazib yuborib bo‘lmaydigan to‘rt uchrashuvi

Hafta oxiri bir qator yorqin uchrashuvlarga boy bo‘ladi. Chempionlikni boy bergan «Tottenhem»ning «MYu»ga qarshi o‘yini, Franchesko Tottining katta futboldagi so‘nggi katta uchrashuvdagi uchrashuvi va uik-endda bizni kutayotgan shu kabi uchrashuvlar haqida Tribuna.Uz hikoya qiladi.

APL. «Tottenhem» — «Manchester Yunayted»
(14 may, 20:30, UzReport, Match! Futbol 1)

APL juma kuni chempioni aniqlangach turning markaziy uchrashuvi sifatida qaralayotgan. «Tottenhem» va «MYu» uchrashuviga bo‘lgan qiziqish biroz pasaygan bo‘lishi mumkin. Biroq bu o‘yinda ham hal qilinadigan masalalar yetarlicha topiladi. Birinchidan bu uchrashuvda «Tottenhem» g‘alaba qozonib, hech bo‘lmasa ikkinchi o‘rinni ham o‘zi uchun rasmiylashtirib olishi va qolgan uchrashuvlarni ortiqcha bosimsiz o‘tkazishi mumkin bo‘ladi. Ikkinchidan, bu «Manchester Yunayted» uchun chempionat o‘yinlari orqali YeChL yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun (mankunianlar Yevropa Ligasi finalida«Ayaks»ni yengsa bu yo‘llanmani qo‘lga kiritishi mumkin) so‘nggi imkoniyat bo‘ladi

«Tottenhem» «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘z uyida kechgan so‘nggi 15ta o‘yinning faqat bittasida (!) g‘alaba qozongan. U ham so‘nggi mavsumda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kuzatilgan. Ammo so‘nggi to‘rt uchrashuvdan buyon «MYu» ham bu stadionda g‘alaba qozona olmayapti.

La-Liga. «Real» — «Sevilya»
(14 may, 23:00, UzReport) 

«Real» uchun mavsum so‘nggiga qadar chempionlik uchun halaqit qilishi mumkin bo‘lgan eng jiddiy raqibga qarshi maydonga tushadi. Uzoq vaqt hattoki chempionlik uchun ham kurash olib borgan andalusiyaliklar «Barselona» uchun chempionlikdagi so‘nggi umidlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ikki peshqadamning ochkolar teng bo‘lsada, «Real»da bitta o‘yin zaxirasi saqlanib qolmoqda. Shu boisdan ham «Barselona» «Real»ning kamida bitta uchrashuvda mag‘lubiyatga uchrashishi shart bo‘lib qolmoqda. Bu yo‘ldagi asosiy umid aynan «Sevilya» bo‘lib qolmoqda.

«Real» uyida kechgan so‘nggi yetti uchrashuvning barchasida g‘alaba qozongan. So‘nggi marta «Sevilya» Madriddan 2008 yilning dekabrida g‘alaba (4:3) bilan qaytgan. Umuman bu andalusiyaliklarning La-liga doirasida Madridda bo‘lib o‘tgan so‘nggi 10 uchrashuvdagi yagona g‘alabasi sanaladi.

A seriya. «Roma» — «Yuventus»
(14 may, 23:45, Sport, Mat! Futbol 2)

«Roma» chempionlikdan deyarli umidini uzib bo‘lgan. Bu qaysidir ma'noda jamoa uchun juda kam bo‘lsada qolgan umidni qaytarishga yordam berishi mumkin. Ammo bu uchrashuvdagi g‘alaba oraliqdagi farqni qisqartirishga yordam beradi. Chempionat tugashiga uch tur qolgan «Yuventus» yaqin ta'qibchisidan 8 ochko oldinda bormoqda. Rimliklar bu o‘yinda birinchi navbatda YeChLga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma beruvchi 2-o‘rinni mustahkamlash uchun ham maydonga tushishi kerak bo‘ladi. Sababi 3-o‘rinda borayotgan «Napoli» bilan oradagi farq bir ochkoni tashkil qilmoqda.

Bu uchrashuvning yana bir ahamiyatli tomoni, rimliklarning tirik afsonasi Franchesko Totti uchun bu uchrashuv A seriyadagi so‘nggi eng katta uchrashuv bo‘lishi kutilmoqda. Mavsum yakuniga yetgach, «Imperator» futbolchilik faoliyatini yakunlaydi.

Rimda bo‘lib o‘tgan so‘nggi 10ta uchrashuvning 6tasida «Yuventus»ning qo‘li baland kelgan. «Roma» bu muddatda faqatgina bitta uchrashuvda g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan. U ham o‘tgan mavsumda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda kuzatilgandi.

 

Bundesliga. «RB Leyptsig» — «Bavariya»
(13 may, 18:30, Match! Futbol 3)

«Bavariya» ketma-ket beshinchi mavsumda Germaniya chempionligini qo‘lga kiritishga ulgurdi. «Leyptsig» esa o‘z tarixida ilk marta bundesligadagi ishtirokida tarixiy natijani qayd etishga ulgurdi. Jamoa mavsumni kamida 3-o‘rinda yakunlab, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish va YeChL guruh bosqichida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etish imkoniyatni qo‘lga kiritdi. Bu uchrashuvda Ralf Hazenxyuttl shogirdlari 2-o‘rinni ham naqd qilish uchun g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Birinchi davraning so‘nggi qismida Myunxenda bo‘lib o‘tgan uchrashuv markaziy uchrashuv sifatida baholangan va o‘shanda «Leyptsig» chempionlik uchun kurash olib borayotgandi. Biroq bugungi uchrashuvning qiymati biroz tushgan.

Ikki jamoa shu kungacha faqat bir marta ro‘baro‘ kelishgan. Yuqorida eslab o‘tganimizdek bu joriy mavsumning birinchi davrasida bo‘lib o‘tgan bo‘lib, o‘shanda «Bavariya» futbolchilari raqiblariga hech qanday imkoniyat qoldirmagan holda 3:0 hisobida g‘alaba keltirgandi. Bo‘lajak o‘yin «Leyptsig» uyidagi dastlabki uchrashuv bo‘lib tarixga kiradi.

Top