12:50 / 13.05.2017
24912

Tojikistondagi yagona o‘zbek teatri qanday yashamoqda?

Foto: News.tj

So‘g‘d viloyatining Spitamen tumanida Tojikistondagi yagona o‘zbek teatri faoliyat ko‘rsatmoqda, biroq u haqida Internetda biror ma'lumot topa olmaysiz, deb yozadi Tojikistonning «Aziya Plyus» sayti.

Teatrda liboslarni o‘zlari tikishadi, spektakllar uchun rekvizitlarni ham o‘zlari yasashadi; aktyorlar birin-ketin pensiyaga kuzatilmoqda, teatrda yosh mutaxassislar esa anchadan buyon yo‘q. Biroq Tojikistondagi o‘zbek teatri o‘z spektakllari bilan zalni tomoshabinlarga to‘ldirmoqda, chunki pesalarning mavzusi jamiyatning eng dolzarb muammolarini, masalan, ekstremizm va terrorizmni qamrab olgan.

Tojikiston shimolining ichkarisida joylashgan yagona o‘zbek teatri qanday yashayotganini «Aziya Plyus» sayti «Otkrytaya Aziya onlayn»dagi hamkasblari bilan o‘rganib chiqdi.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati, Spitamen tumanida 80 yildan buyon faoliyat ko‘rsatayotgan Shukur Burhonov nomidagi yagona o‘zbek davlat drama teatri haqida internetdan ma'lumot topish juda qiyin. Elektron ensiklopediyalarda ham teatrning mavjudligi haqida bir-ikki satr bitilgan, xolos, bundan ortiq biror ma'lumot yo‘q.

O‘tgan oy Dushanbeda «Parastu-2017» teatr festivali o‘tkazilganda ushbu teatr jamoasi poytaxtda tojik dramaturgi Narzullo Sharipovning zamonaviy «Dog‘» spektaklini qo‘yib berishdi. Pesada terrorizm va ekstremizm masalasi ko‘tarilgan bo‘lib, tojik teatr arboblarining yaxshi taqrizlariga ega bo‘lgan edi.

«Yaxshi spektakl, bu dolzarb muammo haqida faqat o‘zbek teatri og‘iz ochdi, — deydi Tojikiston SSR sobiq madaniyat vaziri, xizmat ko‘rsatgan artist, professor Tamara Abdushukurova. – Teatr jamiyat ko‘zgo‘si bo‘lmog‘i lozim va festivalda o‘zbek teatri aynan mana shuni aks ettirdi. Aktyorlar rollarni sidqidildan, a'lo darajada ijro etishdi va ommaning hissiyotini qo‘zg‘ata olishdi».

O‘z spektakli uchun o‘zbek teatri Dushanbe festivalida sovrinli o‘rin olgani yo‘q, garchi teatrchilar bir-birlari bilan pichirlashganda, bu ish bekor bo‘lgani — har qanday mukofot aktyorlarga qo‘shimcha kuch baxsh etishi mumkinligini aytishgan esa-da.

«Men bu teatrining rejissyori bilan gaplashdim, u yosh aktyorlar anchadan beri kelmayotganini aytib o‘tdi, — deya davom etadi Abdushukurova, — lekin ushbu o‘zbek teatri o‘z vaqtida Tojikistonda teatr san'atining ravnaq topishida katta hissa qo‘shgan, chunki ular tojik dramaturglarining pesalarini o‘zbek tilida namoyish etishgan. Ushbu teatrni albatta saqlab qolish kerak».

Bu teatrda nimalarni saqlab qolishga ulgurish mumkinligini bilish uchun Spitamenga yo‘l oldik.

 

«Teatrdan boshqa qayerga ham borardik?»

Qachonlardir Spitamen tumani Nov tumani, deb atalardi va u shahar tipidagi qo‘rg‘on hisoblanardi. Hozir ham u nisbatan rivojlangan hudud: bu yerda savdo-sotiq qizg‘in, ko‘chalar yengil avtomobillarga to‘la; atrofdagi dalalarga sholi va paxta ekilgan. Ko‘chada o‘tib borayotganlardan o‘zbek teatri qayerdaligini so‘raymiz, birinchi bo‘lib uchragan kishi uning aniq joyini ko‘rsatib yuboradi.

— Ha, markazda, hukumat binosi yonginasida, darrov topasizlar. Teatrimiz yaxshi, — deydi bir erkak.

— Teatrga tushib turasizmi? — so‘raymiz undan. 

— Albatta, boramiz, hamma boradi, butun tumanimiz. Teatrdan boshqa qayerga ham borardik? — deydi u.

Teatrni rostdan ham adashmay topib bordik, uning ma'muriyati o‘z ish joyida, teatr dahlizida bir to‘da talabalar shovqin-suron ko‘tarib turishibdi.

«Bular QVZchilar, — tushuntiradi bizga o‘zbek teatrining direktori Abduqodir Yahyoyev. — Ular bizning sahnamizda repetitsiya qilishadi, biz har kuni ham spektakl qo‘ymaymiz, shu sababli sahnani bolalarga shug‘ullanish uchun berib turamiz».

Bu yerdagi barcha spektakllar o‘zbek tilida qo‘yiladi, chunki Spitamen tumani aholining aksariyati o‘zbeklar, qo‘shni davlat chegarasi juda yaqin. Lekin spektakllar bu maskanda tez-tez qo‘yilmaydi, oyiga ikki marta, garchi tomoshabinlardan muammo bo‘lmasa ham.

«Har bir spektakl albatta zalni to‘ldiradi, bizning chiqishimizni kutishadi va sevishadi, spektakllarni tez-tez qo‘yishga ilojimiz yo‘q, lekin harakat qilmoqdamiz, — deydi Yahyoyev. — Yanvar va fevral oyida ko‘proq chiqish qilamiz, chunki bolalar uchun yangi yil tomoshalari bo‘ladi».

 

«Bor-yo‘g‘i yetti aktyor qolgan»

Abduqodir Qahhorovich biz uchun bino bo‘ylab kichikroq ekskursiya tashkil qilib berdi, bir necha yillardan buyon teatr xollida saqlanayotgan eski afishalar, eski bo‘lsa ham shinamgina tomoshabinlar zali, oq mato to‘shalgan pastakkina sahnani ko‘rsatdi.

«Bu esa teatrimizda ishlagan aktyor va rejissyorlar. Bu tomonda bizni tark etgan insonlar yoki nafaqaga kuzatilganlar; bu yerda esa hamon biz bilan ishlayotgan mutaxassislar», — deydi u, xoll devorlariga osilgan portretlarni tanishtirar ekan.

Bu yerda ishlab ketganlarning portretlari juda ko‘p, ishlayotganlarniki esa juda kam qolibdi.

«Bor-yo‘g‘i yetti nafar aktyorimiz qoldi, — deydi Yahyoyev, — ularning o‘rtacha yoshi 60 dan oshadi, yoshlar bilan ishlashga harakat qilmoqdamiz, hattoki iqtidorli yoshlarni ataylab o‘qitishga harakat qildik, lekin ularning birortasi professional emas, havaskor. Kelishganida sahnada yurishni ham bilishmasdi, lekin juda tirishqoq yigitlar. Keyinchalik nima bo‘lishini, ochig‘i, bilmayman».

Direktorning hikoya qilishicha, sovet davrlarida mutaxassislarni yetkazib beruvchi bosh maskan Toshkent, to‘g‘rirog‘i, O‘zbekiston poytaxtidagi teatr va rassomchilik instituti bo‘lgan. Iqtidorli yoshlar uchun Nov tumanida tanlovlar e'lon qilingan, eng yaxshilari tanlanib, o‘qishga jo‘natilgan. O‘zbekistondagi oliy o‘quv yuritini tugatgach, yosh mutaxassislar shu teatrga ishlashga kelishgan.

«Lekin anchadan beri bu narsaga chek qo‘yilgan», — deydi Yahyoyev.

Hozir teatr aktyorlari o‘zlariga o‘zlari liboslar tikishadi, spektakllar uchun rekvizitlarni ham o‘zlari tayyorlashadi. Bu yil teatr repertuari zamonaviy dramaturglarning ikki yangi spektakl bilan boyidi, biroq mumtoz spektakl bu yerda so‘nggi marta 2010 yilda qo‘yilgan ekan; unday spektaklni qo‘yish endi og‘irlik qiladi.

«Lekin biz sabot bilan ishlamoqdamiz, muxlislarimiz ham yordam berishyapti, men ushbu teatrda ishlab boshlaganimga 35 yil bo‘ldi, — deydi direktor. — Ikki yilda bir marta Dushanbeda o‘tadigan «Parastu» teatr festivaliga borib kelamiz, poytaxtdagi muxlislarga ham yoqsak kerak. Masalan, Tamara Maxsumovna Abdushukurova spektaklimizda ko‘ziga yosh oldi, demak, spektaklimiz o‘xshagan».

Tamara Maxsumovna esa chindan ham ushbu teatr uchun jon koyitmoqda.

«Ularning Dushanbeda qo‘ygan spektaklidan so‘ng men bu teatrga yordam berishlarini so‘rab, madaniyat vazirligi vakillariga murojaat qildim, — deydi Abdushukurova. — Hozir O‘zbekiston bilan munosabatlarimiz mutlaqo yangi darajaga ko‘tarilmoqda, madaniyat vazirligi va So‘g‘d viloyat rahbariyati bizning aktyorlarimizni Toshkentda o‘qitish tizimini tiklash uchun qo‘shnilarimizga murojaat qilishlari lozim, deb o‘ylayman. Biz ushbu teatr jamoasini saqlab qolishimiz kerak, axir bu Tojikiston miqyosidagi unikal teatr va o‘zbek tomoshabinlari uchun yagona maskan. Unga hoziroq yetarli e'tibor bermasak, uni yo‘qotib qo‘yamiz, deb qo‘rqaman».

Suratlar manbasi: News.tj

Top