10:20 / 14.05.2017
5514

AQShda hamshirani garovga olgan mahbus bartaraf etildi

Foto: Twitter/@ChrisHushNBC

AQShning Illinoys shtatidagi Jyeniva shahridagi shifoxonada mahbus tomondan bir necha soat garovda ushlab turilgan hamshira ozod etildi. Mahbus bir necha soat davom etgan muzokaralar foyda bermagach, tezkor guruh xodimlari tomondan o‘ldirildi, deb xabar bermoqda ABC7 telekanali.

Keyn okrugidagi turmada saqlanuvchi va Delnor shifoxonasida davolanayotgan mahbus unga biriktirib qo‘yilgan politsiyachining qurolini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lib, shifoxona hamshiralaridan birini garovga olgan. Shu tufayli shifoxonaning qabulxonasi yopib qo‘yilgan, voqea joyiga tezkor guruh yetib kelgan. Shifoxonadagi bemorlarni evakuatsiya qilishga hojat yo‘q, deb qaror qilingan.

Bartaraf etilgan 22 yoshli Tauon Solters ismli mahbus mashina o‘g‘irlagani uchun ikki oylik qamoq muddatini o‘tayotgan bo‘lgan. U shifoxonaga 8 may kuni keltirilgan va alohida palatada nazorat ostida davolangan.

Foto: Twitter/@WGNRadioNews

Hamshira voqea oqibatida jiddiy jarohat olmagan va hozirda oilasi bilan qolmoqda. Ta'kidlanishicha, shifoxona qabulxonasi va tez yordam xizmati tez orada yana me'yordagidek ishlay boshlaydi.

Top