08:39 / 14.05.2017
14127

"Yevrovideniye" musiqa tanlovida og‘ir yurak xastaligiga ega qo‘shiqchi g‘olib bo‘ldi

Foto: Reuters

Portugaliyalik qo‘shiqchi Salvador Sobral Ukrainada o‘tgan "Yevrovideniye" musiqa tanlovida 1-o‘rinni egalladi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar bermoqda. 

G‘olib 758 ball to‘pladi. 27 yoshli qo‘shiqchi Amar pelos dois ("Ikki yurak sevgisi") qo‘shig‘ini ijro etdi. 2-o‘rinni bolgariyalik Kristian Kostov egalladi, u 615 ball to‘play oldi. 3-o‘rin Moldovaning "SunStroke Project" guruhiga nasib etdi.

Sobral yuragida muammolarga ega bo‘lib, u xastaligi tufayli tanlovning barcha repetitsiyalarida ishtirok eta olmadi. Unga yangi yurak ko‘chirilib o‘tkazilishi kerak.

Sobral o‘zining minnatdorchilik nutqida "Portugaliya qahramoni men emasman. Bosh qahramon Krishtianu Ronaldu va shunday bo‘lib qoladi", deb aytgan.

Finalda Moldova, Ozarboyjon, Gretsiya, Shvetsiya, Portugaliya, Polsha, Armaniston, Avstraliya, Kipr, Belgiya, Bolgariya, Belarus, Xorvatiya, Vengriya, Daniya, Isroil, Ruminiya, Norvegiya, Niderlandiya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Fransiya, Germaniya va Ukraina vakillari ishtirok etdilar.

Portugaliya ushbu tanlovda 1964 yildan beri ishtirok etib keladi va hali biror marta g‘olib bo‘lmagandi. 

Sobral Portugaliyadan tanlovda ishtirok etuvchi qo‘shiqchi etib tanlangandan keyin, u ikkita churrani olib tashlash operatsiyasini boshdan o‘tkazgan. Shu sababli u tanlovning dastlabki qismini o‘tkazib yuborib, faqatgina yarimfinal qismiga yetib kelgan. O‘sha operatsiya vaqtida qo‘shiqchining yuragi xastaligi aniqlangan va unga yashab ketishi uchun yil oxirigacha donor yurak o‘tkazish zarurligi aytilgan.

Qo‘shiqchi o‘z qo‘shig‘ida aynan barcha narsaga bardosh bera oluvchi yurak haqida kuylagan. 

Mavzuga oid
Top